Veb dasturlashga kirish / Laboratoriya ishi / 3-laboratoriya ishi
Laboratoriya ishi · HTML · CSS · JS
Gipermurojatlar va navigatsiya menyularini yaratish
Veb «to‘r» deb atalishining sababi — havolalar. Ular sahifalarni bir-biriga bog‘laydi, navigatsiya menyulari esa foydalanuvchini saytda adashtirmaydi. Bugun nisbiy yo‘llar navigatorida «../» sirini ochasiz, menyular galereyasida gorizontal, ochiluvchi, non ushoqlari va gamburger menyularni sinaysiz, oxirida esa universitet portalining to‘liq navigatsiyasini quraysiz.
:ik-kitob: 3-laboratoriya ishi ⏱ 2 akademik soat (80 daqiqa) 🌐 Jonli muharrir · natija darhol ⚡ Sahifalarni bog‘laymiz
03
Dars maqsadi va rejasi
Dars yakunida siz…
• a tegining href, target, rel, download atributlarini maqsadga mos qo‘llay olasiz
• absolyut va nisbiy yo‘llarni farqlab, papkalar orasida to‘g‘ri nisbiy yo‘l (./, ../) yoza olasiz
• sahifa ichidagi yakorlar (#id), mailto: va tel: havolalarini yarata olasiz
• nav, ul, li, a asosida gorizontal, ochiluvchi va «non ushoqlari» menyularini tuza olasiz
• aria-current, skip-link va :focus uslubi bilan navigatsiyani qulay (accessible) qila olasiz
• singan havolalarni topib tuzata olasiz
Reja (fan dasturi bo‘yicha)
1. Gipermurojatlar va navigatsiya menyularini yaratish
Havola yozishdan oldin har doim o‘zingizdan so‘rang: «Men hozir qaysi papkadaman va qayerga bormoqchiman?». Nisbiy yo‘llardagi xatolarning deyarli hammasi shu savolni unutishdan kelib chiqadi.
Nega bitta nuqta va slesh saytni «sindirib» qo‘yadi?
Kompyuteringizda sayt mukammal ishlaydi. Xostingga yuklaysiz — rasmlar chiqmaydi, menyu bosilganda 404 Not Found. Sabab ko‘pincha bitta: havola yo‘li noto‘g‘ri yozilgan — C:\Users\Aziz\sayt\rasm.png, kurslar\veb.html yoki ortiqcha ../. Bugun havolalarni «ko‘r-ko‘rona» emas, xaritaga qarab yozishni o‘rganamiz.
Tayanch iboralar
Laboratoriya ishi haqida
🎯 Ishning maqsadi
Gipermurojaatlarning barcha turlarini (tashqi, ichki, nisbiy, yakor, pochta, telefon, yuklab olish) yaratish, ko‘p sahifali sayt papkalari orasida to‘g‘ri yo‘l yozish hamda turli navigatsiya menyularini semantik va qulay tarzda qurish ko‘nikmalarini hosil qilish.
🧰 Jihozlar va dasturlar
• Brauzer, DevTools (Elements, Console)
• VS Code + Live Server
• Ushbu sahifadagi nisbiy yo‘llar navigatori va menyular galereyasi
• Singan havolalarni tekshirish: validator.w3.org/checklink
Bajarish tartibi
1. Nazariy eslatmani o‘qing, isinish testini bajaring.
2. Namunaviy topshiriq 1: VS Code’da 3 sahifali sayt papkasini yarating va sahifalarni nisbiy havolalar bilan bog‘lang.
3. Nisbiy yo‘llar navigatorida kamida 8 ta ketma-ket to‘g‘ri javobga erishing.
4. Menyular galereyasidagi har bir menyu turini sinab, kodini o‘rganing; namunaviy topshiriq 2 ni bajaring.
5. 1–8-mustaqil topshiriqlar, bug hunt va boss topshiriqni bajaring.
6. Hisobotni tayyorlab, Discord’dagi dars postiga yuboring.
Hisobot shakli
• Titul: fan, laboratoriya ishi raqami va mavzusi, F.I.Sh., guruh
• 3 sahifali sayt papkasi tuzilmasi (daraxt) va barcha havolalar ishlayotganini ko‘rsatuvchi ekran rasmlari
• Nisbiy yo‘llar navigatoridagi natija (kamida 8 ta ketma-ket to‘g‘ri)
• 1–8-topshiriqlar va bug hunt: 🧪 Tekshirish natijalari (barcha talablar yashil)
• Boss: portal navigatsiyasi kodi, kompyuter va telefon kengligidagi ko‘rinishi
Nazariy eslatma
havola anatomiyasiQonunchilik bazasi
│      │                     │                  │                         └─ havola matni (nima ekanini aytsin!)
│      │                     │                  └─ xavfsizlik: yangi tab eski sahifani boshqara olmaydi
│      │                     └─ yangi tabda ochish
│      └─ manzil
└─ anchor (langar) elementi
3.1-jadval. href turlari
TurMisolQayerga olib boradi
Absolyut URLhttps://kun.uz/newsBoshqa sayt (protokol shart!)
Nisbiy — shu papkaaloqa.html yoki ./aloqa.htmlJoriy fayl yonidagi fayl
Nisbiy — ichki papkakurslar/veb.htmlJoriy papka ichidagi «kurslar» papkasi
Nisbiy — yuqori papka../index.htmlBir daraja yuqoridagi papka
Ildizga nisbatan/css/style.cssSayt ildizidan (serverda ishlaydi; file:// da emas)
Yakor#aloqa, boshqa.html#aloqaid="aloqa" bo‘lgan joy
Pochta / telefonmailto:info@adu.uz, tel:+998742234567Pochta ilovasi / qo‘ng‘iroq
Havola holatlari: LVHFA
CSS’da havola beshta holatda bo‘ladi va ular shu tartibda yoziladi: :link (ochilmagan), :visited (ochilgan), :hover (sichqoncha ustida), :focus (klaviatura bilan tanlangan), :active (bosilayotgan payt). Esda qolishi uchun: Love Veb, Hate Failed Anchors.
Gipermurojatlar va navigatsiya menyularini yaratish
Sayt — bu sahifalar «shahri», havolalar — uning ko‘chalari, navigatsiya menyusi esa yo‘l belgilari. Avval sahifalarni papkalar bo‘ylab to‘g‘ri bog‘lashni, keyin foydalanuvchiga qulay menyular qurishni o‘rganamiz.
Namunaviy topshiriq 1. Uch sahifali sayt
Shart: «IT-klub» sayti: bosh sahifa, kurslar sahifasi (alohida papkada) va aloqa sahifasi. Har bir sahifada boshqa ikkitasiga havola bo‘lsin, logotip rasmi esa barcha sahifalarda chiqsin.
papka tuzilmasi
itklub/
├── index.html          ← bosh sahifa
├── aloqa.html
├── rasmlar/
│   └── logo.png
└── kurslar/
└── veb.html        ← kurslar sahifasi
3.2-jadval. Kim qayerga qanday yo‘l bilan boradi
QayerdanQayergahref / src
index.htmlveb.htmlkurslar/veb.html
index.htmllogo.pngrasmlar/logo.png
kurslar/veb.htmlindex.html../index.html
kurslar/veb.htmllogo.png../rasmlar/logo.png
aloqa.htmlveb.htmlkurslar/veb.html
1. Papkalarni yarating
VS Code’da itklub papkasini oching, ichida rasmlar va kurslar papkalarini yarating. Nomlar — kichik lotin harflarda, bo‘sh joysiz.
2. Har bir faylga skelet
index.html, aloqa.html, kurslar/veb.html — har biriga ! + Tab, title’larni farqli qiling.
3. «Men qayerdaman?» savoli
veb.html — kurslar papkasi ichida. Bosh sahifaga borish uchun avval bir papka yuqoriga chiqish kerak: ../index.html.
4. VS Code yordami
href=" yozganingizda VS Code fayl nomlarini taklif qiladi. ../ yozsangiz, yuqori papka fayllari ro‘yxati chiqadi.
5. Tekshiring
Live Server orqali oching va har bir havolani bosib ko‘ring. DevTools → Network’da qizil (404) qator bo‘lmasin.
Simulyator: nisbiy yo‘llar navigatori
O‘yin qoidasi: siz pushti fayldasiz, yashil faylga havola yozishingiz kerak. Nisbiy yo‘lni kiriting va Enter bosing. Navigator brauzer qilganidek yo‘lni hisoblab, qayerga tushganingizni ko‘rsatadi. Daraxtdagi fayllarni bosib, o‘zingiz ham mashq tuzishingiz mumkin (birinchi bosish — joriy fayl, ikkinchisi — maqsad).
🧭 Nisbiy yo‘llar navigatori
Yo‘lni kiriting.
Ketma-ket to‘g‘ri: 0 · Rekord: 0
Navigatsiya menyulari: nav + ul + li + a
Deyarli barcha menyular bitta «formula» bilan quriladi: nav ichida ro‘yxat, ro‘yxat bandlarida havolalar. Nega ro‘yxat? Chunki menyu — bu haqiqatan ham havolalar ro‘yxati: ekran o‘quvchi «navigatsiya, 5 ta band» deb e’lon qiladi. Ko‘rinishni esa CSS beradi: display:flex qatorga tizadi, list-style:none nuqtalarni olib tashlaydi (CSS’ni 4–5-laboratoriyalarda chuqur o‘rganasiz).
menyu formulasi
Bosh sahifa
Kurslar
Aloqa
/* CSS */
.menyu { display: flex; gap: 8px; list-style: none; padding: 0; }
.menyu a[aria-current="page"] { background: #2563EB; color: #fff; }
Simulyator: menyular galereyasi
Oltita mashhur navigatsiya turini jonli sinab ko‘ring: bandlarni bosing (faol band almashadi), ochiluvchi menyuga sichqonchani olib boring yoki Tab tugmasi bilan kiring, gamburgerni bosing. Har birining ostida minimal kodi bor.
🗂️ Menyular galereyasi
Namunaviy topshiriq 2. Sahifa sarlavhasidagi menyu
1. Semantika
header ichida logotip-havola () va nav aria-label="Asosiy menyu".
2. Ro‘yxat
nav>ul>li*4>a — Emmet bilan bir zumda. Har bir havolaga aniq matn.
3. Joriy sahifa
Qaysi sahifadasiz — o‘sha havolaga aria-current="page". CSS uni ajratib ko‘rsatadi, ekran o‘quvchi esa «joriy sahifa» deb o‘qiydi.
4. Klaviatura
Tab tugmasi bilan menyu bo‘ylab yuring: har bir havola aniq belgilanishi (:focus-visible) kerak. Sichqonchasiz foydalanuvchilarni unutmang.
Sinov ishlari: avval bashorat, keyin tekshiruv
Mustaqil topshiriqlar
Sakkizta topshiriq — oson → qiyin. Natija oynasidagi havolalarni bosmang (u boshqa sahifaga o‘tib ketadi; shunday bo‘lsa, kodga bitta bo‘sh joy qo‘shing — oyna yangilanadi). Tekshiruvchi havolalarni bosmasdan, kodini tahlil qiladi.
Ko‘p uchraydigan xatolar
XatoOqibatiTo‘g‘risi
href="C:\Users\Aziz\sayt\index.html"Faqat sizning kompyuteringizda ishlaydiNisbiy yo‘l: index.html
href="kurslar\veb.html"Serverda 404kurslar/veb.html
href="www.kun.uz"Nisbiy yo‘l deb tushuniladi → 404https://kun.uz
Fayl nomida bo‘sh joy, katta harf: Aloqa Sahifa.html%20 kodlari, Linux serverda harf farqi tufayli 404aloqa.html — kichik harf, defis
target="_blank" rel’sizEski brauzerlarda yangi tab eski sahifani almashtira oladi (tabnabbing)rel="noopener noreferrer"
Havola matni: «bu yerga bosing»Ekran o‘quvchi va qidiruv tizimlari uchun ma’nosizMazmunli matn: «Dars jadvali (PDF)»
Menyuni div/span + onclick bilan qurishKlaviatura bilan ishlamaydi, ekran o‘quvchi tanimaydinav > ul > li > a[href]
Ochiluvchi menyu faqat :hover daKlaviatura va sensorli ekranda ochilmaydi:focus-within ni ham qo‘shing
Boss level
Boss level: talabalar portali navigatsiyasi
Kod portal/kurslar/veb.html faylida turibdi deb hisoblang. Sahifaning to‘liq navigatsiya «skeleti»ni quring: birinchi element — skip-link (#asosiy); header’da logotip-havola (../index.html, ichida alt’li img); asosiy menyu (nav aria-label, ul, kamida 5 band, gorizontal flex, «Kurslar» — aria-current); «Kurslar» bandida kamida 3 bandli ochiluvchi menyu (hover + focus-within); non ushoqlari (ol, kamida 3 band, oxirgisi aria-current, ::before ajratuvchi); main#asosiy ichida mundarija (kamida 2 ta yakor, mos id’lar); footer’da mailto:, tel:+998… va kamida 2 ta ijtimoiy tarmoq havolasi (https, target _blank, rel noopener). +80 XP
Mustahkamlash
Nazorat savollari
a tegining asosiy atributlarini sanab, vazifasini ayting.
href — manzil; target — qayerda ochiladi (_blank — yangi tab); rel — bog‘liqlik turi (noopener, noreferrer, nofollow); download — yuklab olish; title — qo‘shimcha izoh.
Absolyut va nisbiy yo‘llarning farqi nimada? Qaysi biri qachon ishlatiladi?
Absolyut — protokol va domen bilan to‘liq manzil, tashqi saytlar uchun. Nisbiy — joriy faylga nisbatan, sayt ichidagi sahifa va fayllar uchun (sayt boshqa domenga ko‘chsa ham ishlayveradi).
./, ../ va / bilan boshlanadigan yo‘llarni tushuntiring.
./ — joriy papka; ../ — bir daraja yuqori papka; / — sayt ildizi (server kerak).
Sahifa ichidagi yakor qanday yaratiladi?
Maqsad elementga id beriladi, havolada href="#id" yoziladi. Boshqa sahifadagi joyga: sahifa.html#id.
mailto: va tel: havolalariga misol keltiring.
mailto:info@adu.uz?subject=Savol — pochta ilovasini ochadi; tel:+998742234567 — telefonda qo‘ng‘iroq qilishni taklif qiladi.
Nega menyular nav > ul > li > a ko‘rinishida quriladi?
Menyu — havolalar ro‘yxati; nav uni navigatsiya hududi sifatida belgilaydi. Bu semantika ekran o‘quvchilar, qidiruv tizimlari va klaviatura uchun to‘g‘ri ishlaydi.
Ochiluvchi menyuni faqat CSS bilan qanday qilish mumkin?
Ichki ul li ichida joylashadi, display:none; li:hover > ul va li:focus-within > ul holatlarida display:block.
Skip-link nima va u kimga kerak?
Sahifaning birinchi havolasi «Asosiy mazmunga o‘tish» — klaviatura va ekran o‘quvchi foydalanuvchilariga har sahifada menyuni qayta-qayta o‘tkazib yubormaslik imkonini beradi.
Mustaqil ish
Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Qidiruv tizimlari uchun optimallashtirish (SEO) ning asosiy omillarini o‘rganish.» (6 soat). Havolalar va navigatsiya — SEO’ning muhim omillaridan: qidiruv robotlari saytni aynan havolalar bo‘ylab «aylanib» chiqadi.
1. Variantingizdagi mavzuda kamida 5 sahifali, kamida 2 darajali papka tuzilmasiga ega sayt yarating; barcha sahifalarda bir xil asosiy menyu (aria-current bilan) va non ushoqlari bo‘lsin.
2. Ichki bog‘lanish (internal linking) xaritasini chizing: qaysi sahifa qaysiga havola beradi. «Yetim» (hech kim havola bermagan) sahifa qolmasin.
3. SEO omillari bo‘yicha 1–2 sahifalik tahlil yozing: havola matni (anchor text), URL tuzilmasi, ichki va tashqi havolalar, rel="nofollow", singan havolalar va 404, sayt xaritasi (15-ma’ruzaga ko‘prik).
4. Saytni validator.w3.org/checklink yoki DevTools Network yordamida singan havolalarga tekshiring va natijani ilova qiling.
Baholash mezonlari (individual topshiriq)
MezonBall
Papka tuzilmasi va barcha nisbiy havolalar to‘g‘ri (singan havola yo‘q)2
Navigatsiya: yagona menyu, aria-current, non ushoqlari, skip-link1
Ichki bog‘lanish xaritasi, «yetim» sahifa yo‘q1
SEO omillari tahlili asoslangan, manbalar ko‘rsatilgan1
Xulosa
Absolyut va nisbiyTashqi — https://…; ichki — joriy faylga nisbatan.
«Men qayerdaman?»./ joriy, ../ yuqori; faqat /, hech qachon \.
Maxsus havolalar#id, mailto:, tel:, download.
Menyu formulasinav > ul > li > a; flex bilan gorizontal; aria-current — joriy sahifa.
Menyu turlariGorizontal, vertikal, ochiluvchi, non ushoqlari, gamburger, sahifalash.
QulaylikSkip-link, :focus-visible, :focus-within — sichqonchasiz foydalanuvchilar uchun.
Singan havolalarNetwork’dagi 404 va validator — muntazam tekshiring.
Darsdagi natijangiz
Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, mashqlar va topshiriqlarni bajaring.
Shaxsiy eslatmalarim