Kompyuterlarga texnik xizmat ko‘rsatish / Laboratoriya ishi / 9-laboratoriya ishi
Laboratoriya ishi · Texnik xizmat · servis

Periferik qurilmalarni diagnostika qilish va nosozliklarni aniqlash

Servis bo‘limiga keladigan murojaatlarning katta qismi — «klaviatura yozmayapti», «monitor signal yo‘q deyapti», «printer qotib qoldi». Ularning ko‘pchiligi yangi detalsiz, to‘g‘ri tartibdagi 3–4 ta tekshiruv bilan hal bo‘ladi. Bugun klaviatura-sichqoncha testerida ishlaysiz, servis chiptalarini yechasiz va «bo‘lib tashla — yeng» usulini o‘rganasiz.

:ik-kitob: 9-laboratoriya ishi ⏱ 2 akademik soat (80 daqiqa) :ik-asbob: Diagnostika simulyatorlari · ta’mir stoli ⚡ Avval oddiy, keyin murakkab
09

Dars maqsadi va rejasi

Dars yakunida siz…

  • periferik qurilma nosozligini «qurilma → kabel → port → drayver → OT → dastur» zanjiri bo‘yicha toraytira olasiz
  • klaviatura va sichqonchani test dasturida tekshirib, ishlamayotgan tugma, ghosting va rollover cheklovini aniqlay olasiz
  • monitor «No signal», USB qurilma tanilmasligi va printer navbati qotishi kabi tipik holatlarga tashxis qo‘ya olasiz
  • Print Spooler xizmatini qayta ishga tushirib, chop etish navbatini tozalay olasiz
  • USB portlar quvvat chegarasini hisoblab, qurilmalar uchun yetarliligini baholay olasiz
  • periferik qurilmalarga profilaktik xizmat (tozalash, tekshirish) tartibini bajarib, hisobot tuza olasiz

Reja (fan dasturi bo‘yicha)

  1. Periferik qurilmalarni diagnostika qilish va nosozliklarni aniqlash

Eng kuchli diagnostika vositasi — «ma’lum soz» qurilma. Shubhali klaviaturani boshqa kompyuterga, soz klaviaturani shubhali kompyuterga ulang. Ikki tekshiruvdan keyin aybdor qaysi tomonda ekani aniq bo‘ladi.

Nega «buzilgan» klaviaturaning 80 foizi aslida soz chiqadi?

Kafedra kompyuter sinfida bir hafta ichida 11 ta «klaviatura ishlamayapti» murojaati tushdi. Natija: 4 tasida Num Lock o‘chiq edi, 3 tasida simsiz klaviatura batareyasi o‘tirgan, 2 tasida klaviatura tili almashib qolgan, bittasida Filtrlash tugmalari (Filter Keys) yoqilgan va faqat bittasi haqiqatan ham suv to‘kilgani uchun almashtirildi. Usta yangi klaviatura olib kelishdan oldin 1 daqiqalik tekshiruv qilishni biladi. Bugun shu tekshiruvlarni tizimga solamiz.

Tayanch iboralar

Laboratoriya ishi haqida

:ik-maqsad: Ish maqsadi

Klaviatura, sichqoncha, monitor, printer va USB qurilmalarning tipik nosozliklarini tizimli tashxis usullari, Windows vositalari va test dasturlari yordamida aniqlash, ularni bartaraf etish va periferik qurilmalarga profilaktik xizmat ko‘rsatish ko‘nikmasini hosil qilish.

:ik-asbob: Jihozlar va dasturlar

Windows 10/11 kompyuter; simli va simsiz klaviatura, sichqoncha; monitor va kabellar (HDMI, DisplayPort); printer; USB fleshka; Device Manager, Sozlamalar (Bluetooth va qurilmalar), services.msc, Event Viewer; ixtiyoriy — NirSoft USBDeview yoki USB Device Tree Viewer; tozalash uchun izopropil spirt, mikrofibra salfetka, havo purkagich.

Xavfsizlik texnikasi

1. Qurilmani tozalashdan oldin uni kompyuterdan uzing; monitor va printerni tarmoqdan sug‘uring. 2. Suyuqlikni qurilmaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sepmang — salfetkaga oz miqdorda surting. 3. Lazer printerning termobloki (fuser) ishlagandan keyin juda issiq bo‘ladi — kamida 15–20 daqiqa soviting. 4. Toner kukuni nafas yo‘llariga zararli: kartrijni ehtiyotkorlik bilan almashtiring, to‘kilgan tonerni oddiy changyutgich bilan yig‘mang. 5. Monitorni ochmang: ichki ta’minot bloki xavfli kuchlanishga ega.

Bajarish tartibi

  1. Tayanch iboralar va nazariy eslatma bilan tanishing; tashxis zanjirini yodlang (10 daqiqa).
  2. Namunaviy topshiriq 1: klaviatura va sichqonchani testerda tekshiring, natijalarni yozing.
  3. Namunaviy topshiriq 2: monitor, USB va printer muammolari bo‘yicha qadamlarni bajaring (haqiqiy qurilmada yoki jadvallar asosida).
  4. «Servis chiptalari» simulyatorida 6 ta murojaatga tashxis qo‘ying — iloji boricha kam tekshiruv bilan.
  5. Mustaqil topshiriqlarni (7 ta) va Boss level’ni bajaring.
  6. Hisobotni tayyorlab, Discord’dagi dars postiga yuboring.

Hisobot shakli

  • Titul va tekshirilgan qurilmalar ro‘yxati (turi, interfeysi, simli/simsiz)
  • Klaviatura va sichqoncha testi natijalari: ishlamagan tugmalar, rollover soni, sichqoncha tugmalari (ekran rasmi)
  • Servis chiptalari: har bir murojaat uchun tashxis va bajarilgan tekshiruvlar soni
  • Kamida bitta haqiqiy qurilmaga profilaktik xizmat: nima tozalandi, qanday vositalar bilan
  • Xulosa: eng tez-tez uchraydigan «soxta nosozliklar» va ularni tez aniqlash usuli (3–5 gap)

Nazariy eslatma

Periferik qurilma ishlamasa, nosozlik zanjirning istalgan bo‘g‘inida bo‘lishi mumkin. Usta zanjirni o‘rtasidan «bo‘lib», qaysi yarmida muammo borligini aniqlaydi — bu «bo‘lib tashla va yeng» (half-splitting) usuli. Masalan, klaviaturani boshqa kompyuterga ulash bitta harakat bilan zanjirni ikkiga bo‘ladi: ishlasa — muammo kompyuter tomonida (port, drayver, sozlama), ishlamasa — qurilmaning o‘zida.

Qurilmabatareya, tugma Kabel / radiouzilish, xalaqit Portold/orqa, quvvat DrayverDevice Manager OT sozlamasitil, maxsus imk. Dasturnavbat, xizmat «boshqa kompyuterga ulash» zanjirni shu yerdan ikkiga bo‘ladi
9.1-rasm. Tashxis zanjiri: oddiy va arzon tekshiruvlar chapda, chuqurroqlari o‘ngda.
9.1-jadval. Asosiy periferik interfeyslar va ularning nozik joylari
InterfeysQurilmalarNimaga e’tibor berish kerak
USB 2.0 (Type-A)klaviatura, sichqoncha, printerport quvvati 500 mA gacha; old panel kabeli ko‘pincha bo‘sh ulangan bo‘ladi
USB 3.x (ko‘k yoki SS belgili)tashqi disk, fleshka, kamera900 mA gacha; ishlayotgan USB 3.x porti 2.4 GHz simsiz qabul qilgichlarga xalaqit berishi mumkin
USB Type-Czamonaviy qurilmalar, monitorlarbir xil razyom — turli imkoniyatlar: har bir kabel video yoki tez zaryadni uzatmaydi
Bluetoothsimsiz klaviatura, quloqchinjuftlashtirish (pairing), batareya, masofa va to‘siqlar
HDMI / DisplayPortmonitor, proyektorkabel qaysi chiqishga ulangan (videokarta yoki anakart), monitor kirish manbai, kabel versiyasi
Wi-Fi / Ethernettarmoq printerlariprinter IP manzili o‘zgarib qolishi, bir tarmoqda bo‘lish

Periferik qurilmalarni diagnostika qilish va nosozliklarni aniqlash

Avval kiritish qurilmalari (klaviatura va sichqoncha) — ularni shu sahifadagi testerda haqiqiy tekshirasiz. Keyin chiqish qurilmalari va USB. Oxirida servis chiptalari bilan bilimingizni sinaysiz.

Namunaviy topshiriq 1. Klaviatura va sichqonchani tekshirish

Shart: 214-xonadagi 7-kompyuter haqida murojaat: «ba’zi harflar yozilmaydi, sichqoncha g‘ildiragi sakraydi». Tekshirib, xulosa bering.

  1. Ko‘z bilan va tez tekshiruv

    Kabel butunmi, razyom portga to‘liq kirganmi? Simsiz bo‘lsa — batareya, qabul qilgich (dongle) joyida va qurilmadagi o‘chirgich yoqilganmi? Num Lock, Caps Lock, Fn Lock indikatorlariga qarang: noutbuklarda Fn holati raqam va funksiya tugmalarini o‘zgartiradi.

  2. Boshqa port, boshqa kompyuter

    Qurilmani orqa paneldagi portga ulang (old panel kabeli ko‘pincha zaif). Ma’lum soz klaviaturani shu kompyuterga ulab ko‘ring. Shu ikki harakat aybdorni qurilma yoki kompyuter tomoniga ajratadi.

  3. Windows tomonini tekshiring

    Win+X → Device Manager → Keyboards va Mice and other pointing devices: sariq belgi bormi? Sozlamalar → Maxsus imkoniyatlar (Accessibility) → Klaviatura: Filter keys va Sticky keys o‘chiqmi? Yozish tili va klaviatura sxemasi (Win+Probel bilan almashadi) to‘g‘rimi?

  4. Test dasturida har bir tugmani sinang

    Quyidagi testerda (yoki istalgan klaviatura test dasturida) barcha tugmalarni bosing. Bosilmagan tugmalar — mexanik nosozlik yoki ifloslanish. Bir nechta tugmani birga bosib, rolloverni tekshiring: ofis klaviaturalarida ba’zi kombinatsiyalar «yutilishi» — ghosting — normal holat.

  5. Sichqonchani sinang

    Chap, o‘ng, o‘rta tugma, g‘ildirak ikki yo‘nalishda va ikki marta bosish. Kursor «sakrasa» — sensorni tozalang, boshqa sirtda (shisha va yaltiroq stol optik sensorlar uchun yomon) sinang. Sezgirlik: Sozlamalar → Bluetooth va qurilmalar → Sichqoncha.

  6. Davolash yoki almashtirish

    Ifloslangan tugmalar: qurilmani uzib, havo purkagich bilan tozalash, tugma qopqoqlarini ehtiyotkorlik bilan olib, izopropil spirt bilan artish. Suv to‘kilgan bo‘lsa — darhol uzish, ag‘darib quritish; shirin ichimlikdan keyin odatda almashtiriladi.

Laboratoriya 1: klaviatura va sichqoncha testeri

Bu — haqiqiy tester: chap maydonni bosing (fokus oling) va klaviaturangizdagi tugmalarni bosing. Bosilgan tugma yashil bo‘ladi, hozir bosib turilganlari sariq. «Bir vaqtda» ko‘rsatkichi rollover’ni o‘lchaydi: 5–6 ta harfni birga bosib ko‘ring. O‘ng maydonda sichqoncha tugmalari va g‘ildiragini sinang. Telefonda tashqi klaviatura ulanmagan bo‘lsa, klaviatura qismini kompyuterda bajaring.

:ik-klaviatura: Kiritish qurilmalari testeri

Oxirgi: —Bir vaqtda: 0 (maks. 0)Sinalgan: 0
Shu yerda sichqoncha tugmalarini bosing va g‘ildirakni aylantiring
Chap tugmaO‘ng tugmaO‘rta tugmaIkki martaG‘ildirak ↑G‘ildirak ↓
Topshiriqlar 0 / 4
  • A dan Z gacha barcha 26 ta harf tugmasini sinang
  • Yuqori qatordagi 0–9 raqam tugmalarini sinang
  • Kamida 4 ta tugmani bir vaqtda bosing (rollover ≥ 4)
  • Sichqonchaning 6 ta tekshiruvini bajaring
Bilasizmi?

Ofis klaviaturalarining ko‘pchiligida tugmalar matritsa (qator × ustun) bo‘yicha ulanadi. Shuning uchun ba’zi 3–4 tugmalik kombinatsiyalarda kontroller qaysi tugma bosilganini aniq ajrata olmaydi va ulardan birini «yutib» yuboradi. Bu nosozlik emas, konstruksiya cheklovi. O‘yin va professional klaviaturalarda har bir tugmaga diod qo‘yilib, NKRO (n-key rollover) ta’minlanadi.

Namunaviy topshiriq 2. Monitor, USB va printer

Shart: uchta murojaat bor: (a) «monitor No signal deyapti», (b) «fleshka tanilmayapti», (c) «printer hech narsa chop etmayapti, navbatda hujjatlar to‘lib ketgan».

  1. Kompyuter haqiqatan ishga tushyaptimi? Kulerlar, disk chirog‘i, klaviaturadagi Num Lock chirog‘i yonib-o‘chadimi?
  2. Monitor menyusidagi kirish manbai (Input/Source): HDMI 1, HDMI 2, DisplayPort — kabel ulangan kirish tanlanganmi?
  3. Kabel qayerga ulangan? Alohida videokarta bo‘lsa, kabel videokarta chiqishiga ulanishi kerak; anakartdagi chiqish odatda bunda ishlamaydi.
  4. Ma’lum soz kabel va boshqa monitor bilan almashtirib ko‘ring. Adapterlar (DP → HDMI va h.k.) ham nosozlik manbai bo‘lishi mumkin.
  5. Rasm bor, lekin ruxsat noto‘g‘ri: Sozlamalar → Tizim → Displey; «Kengaytirilgan displey» bo‘limida chastota (Hz). Adapter EDID’ni buzayotgan bo‘lishi mumkin.
  1. Boshqa port (avval orqa panel), boshqa kompyuter — qurilma yoki port aybdorligini ajrating.
  2. Device Manager → Universal Serial Bus controllers: «Unknown USB Device (Device Descriptor Request Failed)» — qurilma o‘zini tanishtira olmadi: kabel, port, quvvat yoki qurilmaning o‘zi.
  3. Fleshka tanildi, lekin «Bu kompyuter»da ko‘rinmasa: Win+X → Disk Management — bo‘limga harf berilmagan yoki u formatlanmagan bo‘lishi mumkin.
  4. Ko‘p qurilma bitta passiv USB-xabga ulangan bo‘lsa — quvvat yetishmaydi; aktiv (o‘z ta’minotli) xab ishlating.
  5. Tafsilotlar uchun: USBDeview yoki USB Device Tree Viewer — ulangan va avval ulangan USB qurilmalar ro‘yxati.
  1. Printerning o‘zini tekshiring: displeyda xato bormi, qog‘oz va kartrij joyidami? Printer menyusidan sinov sahifasini chiqaring — chiqsa, qurilma soz.
  2. Sozlamalar → Bluetooth va qurilmalar → Printerlar va skanerlar → printer → navbatni oching: birinchi hujjat «Xato» holatida qotgan bo‘lishi mumkin.
  3. Navbat tozalanmasa — Print Spooler’ni qayta ishga tushiring (administrator sifatida buyruq satri):
Administrator: Command Prompt
C:\> net stop spooler
The Print Spooler service is stopping.
The Print Spooler service was stopped successfully.

C:\> del /q %systemroot%\System32\spool\PRINTERS\*.*

C:\> net start spooler
The Print Spooler service is starting.
The Print Spooler service was started successfully.

Grafik usul: Win+R → services.msc → Print Spooler → Stop, papkani tozalash, Start. Tarmoq printeri bo‘lsa, uning IP manzili o‘zgarmaganini ham tekshiring (ping).

Laboratoriya 2: servis chiptalari

Servis bo‘limiga 6 ta murojaat keldi. Har birida tekshiruvlarni tanlang — natijasi ochiladi. Yetarli dalil to‘plaganingizda tashxisni tanlab tekshiring. Yaxshi usta to‘g‘ri tashxisni kam tekshiruv bilan qo‘yadi: «Samaradorlik» ko‘rsatkichiga qarang.

:ik-hujjat: Servis chiptalari

Yechilgan: 0 / 6Ochilgan tekshiruvlar: 0Samaradorlik: —

Sinov ishlari: avval bashorat, keyin tekshiruv

Mustaqil topshiriqlar

7 ta topshiriq, oson → qiyin. Simulyator topshiriqlari o‘zi tekshiriladi; hisoblash topshirig‘ida «Tekshirish» tugmasidan foydalaning.

1. Testerdagi to‘rt topshiriq

«Kiritish qurilmalari testeri»da barcha 4 ta topshiriqni bajaring (hisoblagich 4 / 4 ✓). Klaviaturangiz bir vaqtda nechta tugmani qayd etishini (maks. rollover) hisobotga yozing.

2. Servis chiptalari 6 / 6

Barcha 6 ta murojaatni yeching. Maqsad — samaradorlik chipta uchun 2.5 tekshiruvdan kam bo‘lsin. Qaysi chiptada eng ko‘p tekshiruv sarfladingiz va nima uchun — hisobotda izohlang.

7. Profilaktik xizmat (haqiqiy qurilmalarda)

  • Klaviaturani uzib, ag‘darib qoqib, havo purkagich bilan tugmalar orasini tozaladim
  • Tugmalar va sichqoncha korpusini izopropil spirt bilan namlangan salfetka bilan artdim
  • Sichqoncha sensori va oyoqchalari (teflon) holatini tekshirib tozaladim
  • Monitor ekranini quruq mikrofibra salfetka bilan artdim (spirt va oyna suyuqligisiz)
  • Kabellar va razyomlarni ko‘zdan kechirib, shikastlanganlarini qayd etdim

Ko‘p uchraydigan xatolar

XatoOqibatiTo‘g‘risi
Darhol yangi qurilma almashtirishpul va vaqt behuda, muammo qoladi (Num Lock, Filter Keys…)avval 1 daqiqalik tekshiruv: indikatorlar, port, sozlamalar
Faqat old panel portlarida sinashsoz qurilma «nosoz» deb topiladiorqa panel (anakartning o‘zidagi) portlarida sinash
Monitor ekraniga spirt yoki oyna suyuqligi sepishmatritsa qoplamasi shikastlanadiquruq yoki suvda biroz namlangan mikrofibra
Navbatdan hujjatni qayta-qayta yuborishnavbat yanada to‘ladi, qog‘oz isrof bo‘ladinavbatni tozalab, spooler’ni qayta ishga tushirish
Ko‘p qurilmani passiv xabga ulashuzilishlar, disk tanilmasligiquvvat byudjetini hisoblash, aktiv xab
Kabelni sug‘urmasdan monitor yoki printerni tozalashelektr xavfi, qisqa tutashuvtozalashdan oldin har doim tarmoqdan uzish

Boss level

Boss level: kompyuter sinfi inventari

Kafedra kompyuter sinfini tekshirdingiz. Birinchi qatorda yozuvlar soni N, keyin N qator «kompyuter qurilma holat», holat — soz yoki nosoz. Hisobot: avval qurilma turlari bo‘yicha alifbo tartibida «qurilma: nosoz K / jami M» (har bir uchragan qurilma turi uchun), keyin bo‘sh qator va «Ta’mir navbati: …» — kamida bitta nosoz qurilmasi bor kompyuterlar alifbo tartibida, vergul va probel bilan. Nosoz bo‘lmasa — «Ta’mir navbati: yo‘q». +50 XP

Mustahkamlash

Nazorat savollari

Periferik qurilma tashxis zanjirini bo‘g‘inma-bo‘g‘in tushuntiring.

Qurilmaning o‘zi → kabel yoki radio kanal → port → drayver → OT sozlamalari → dastur (navbat, xizmat). Tekshiruv oddiy va arzon bo‘g‘inlardan boshlanadi.

«Ma’lum soz qurilma» usuli qanday qo‘llanadi?

Shubhali qismni ishlashi aniq bo‘lgani bilan almashtiriladi yoki shubhali qism ma’lum soz tizimga ulanadi. Natija aybdorni aniq ko‘rsatadi.

Ghosting va rollover nima? Ular nosozlikmi?

Ghosting — bir nechta tugma birga bosilganda noto‘g‘ri qayd etish; rollover — bir vaqtda qayd etiladigan tugmalar soni. Ofis klaviaturalarida cheklangan rollover — konstruksiya xususiyati, nosozlik emas.

Monitor «No signal» desa qanday tartibda tekshirasiz?

Kompyuter ishga tushganmi; monitor kirish manbai; kabel qaysi chiqishga ulangan (videokarta yoki anakart); ma’lum soz kabel va monitor; adapterlar.

«Unknown USB Device (Device Descriptor Request Failed)» qanday hollarda chiqadi?

Qurilma o‘zini tanishtira olmaganda: yomon kontakt, shikastlangan kabel, port nosozligi, quvvat yetishmasligi yoki qurilmaning o‘zi nosozligi.

Print Spooler nima va u qanday qayta ishga tushiriladi?

Chop etish navbatini boshqaruvchi xizmat. net stop spooler, spool\PRINTERS papkasini tozalash, net start spooler yoki services.msc orqali.

Nega passiv USB-xabga ko‘p qurilma ulash muammo tug‘diradi?

Xab bitta portning quvvatini (500 yoki 900 mA) qurilmalar orasida taqsimlaydi; jami iste’mol chegaradan oshsa, qurilmalar uziladi.

Klaviatura va sichqonchaga profilaktik xizmat nimalardan iborat?

Uzish, chang va ushoqlarni qoqib-purkab tozalash, izopropil spirt bilan artish, sensor va oyoqchalarni tozalash, kabel holatini tekshirish.

Mustaqil ish

Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Klaviatura, sichqoncha va boshqa periferik qurilmalarga xizmat ko‘rsatish» (2 soat). Variantingizdagi qurilma bo‘yicha: tipik nosozliklar jadvali (belgi → sabab → tekshiruv → bartaraf etish), tashxis daraxti sxemasi va profilaktik xizmat yo‘riqnomasini tuzing.

Baholash mezonlari (individual topshiriq)
MezonBall
Nosozliklar jadvali to‘liq va to‘g‘ri (kamida 6 ta belgi)2
Tashxis daraxti mantiqan to‘g‘ri, oddiydan murakkabga1
Profilaktik xizmat yo‘riqnomasi va xavfsizlik choralari1
Rasmiylashtirish, manbalar, o‘z kuzatuvlaringiz1

Xulosa

ZanjirQurilma → kabel → port → drayver → OT → dastur: tekshiruv shu tartibda.
Bo‘lib tashlaBoshqa kompyuter yoki ma’lum soz qurilma — eng tez «ajratuvchi» tekshiruv.
Soxta nosozliklarNum Lock, Fn Lock, Filter Keys, yozish tili, batareya — avval shular.
MonitorKirish manbai va kabel qaysi chiqishga ulangani — «No signal»ning eng ko‘p sababi.
USBOrqa port, quvvat byudjeti (500/900 mA), aktiv xab.
PrinterSinov sahifasi qurilmani ajratadi; qotgan navbat — Print Spooler.
ProfilaktikaUzib tozalash, suyuqlikni salfetkaga, ekranga — faqat mikrofibra.

Darsdagi natijangiz

Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, mashqlar va topshiriqlarni bajaring.

Shaxsiy eslatmalarim