Statik marshrutizatsiya va konfiguratsiya
Bu — statik marshrutizatsiya bo‘yicha 1-mashg‘ulot (asoslar). Andijon, Namangan va Farg‘ona filiallarini bog‘lovchi uchta routerga o‘z qo‘lingiz bilan ip route buyruqlarini yozasiz, marshrutizatsiya jadvalini o‘qishni o‘rganasiz va «eng uzun prefiks» qoidasini Python’da dasturlaysiz. Murakkab holatlar — zaxira, umumlashtirish va nosozliklarni izlash — 12-amaliy mashg‘ulotda (2-mashg‘ulot).
Dars maqsadi va rejasi
Dars yakunida siz…
- marshrutizatsiya jadvalidagi C, L, S, S* yozuvlarini o‘qib, har birining ma’nosini tushuntira olasiz
- har bir router uchun qaysi tarmoqlar «bevosita ulangan», qaysilariga statik marshrut kerakligini aniqlay olasiz
- Cisco IOS’da
ip routebuyrug‘ini next-hop va chiqish interfeysi bilan to‘g‘ri yoza olasiz - «qaytish yo‘li» (return route) muammosini tushunib, ping orqali ikki tomonlama aloqani tekshira olasiz
- standart marshrut (0.0.0.0/0) yordamida konfiguratsiyani qisqartira olasiz
- eng uzun prefiks bo‘yicha qidiruvni (longest prefix match) Python’da
ipaddressmoduli bilan yoza olasiz
Reja (fan dasturi bo‘yicha)
- Statik marshrutizatsiya va konfiguratsiya
Statik marshrutning oltin qoidasi: paket borishi uchun ham, qaytishi uchun ham yo‘l kerak. Ping ishlamasa, avval «u yoqqa yetdimi?», keyin «javob qaytishga yo‘l bormi?» deb so‘rang. Bu mashg‘ulot — 1-qism; davomi (zaxira yo‘llar, nosozliklar) 12-amaliyda.
Javob qisqa va shafqatsiz: paketni tashlab yuboradi. Router «taxmin qilmaydi», qo‘shnisidan «so‘ramaydi» (agar dinamik protokol yoqilmagan bo‘lsa). Uning bilgani — faqat o‘ziga ulangan tarmoqlar va administrator qo‘lda yozib bergan yo‘llar. Bugun siz o‘sha administrator bo‘lasiz: uchta filial routeriga «xarita» chizib berasiz va Andijondagi kompyuterdan Farg‘onadagi kompyuterga birinchi ping’ni o‘tkazasiz.
Tayanch iboralar
Nazariy eslatma
10-amaliy mashg‘ulotda marshrutizatsiya nima ekanini ko‘rdingiz: router paketning manzil IP siga qarab, jadvaldan eng aniq mos yozuvni topadi va paketni o‘sha yo‘lga yuboradi (11-ma’ruza). Jadval to‘ldirilishining uch manbasi bor: bevosita ulangan tarmoqlar, statik marshrutlar (bugun) va dinamik protokollar (13–14-amaliy).
show ip route dagi kodlar| Kod | Ma’nosi | Misol |
|---|---|---|
| C | Connected — interfeys joylashgan tarmoq | C 192.168.1.0/24 is directly connected, GigabitEthernet0/0 |
| L | Local — routerning o‘z interfeys manzili (/32) | L 192.168.1.1/32 is directly connected, GigabitEthernet0/0 |
| S | Static — qo‘lda kiritilgan marshrut; [1/0] = [administrativ masofa / metrika] | S 192.168.3.0/24 [1/0] via 10.0.12.2 |
| S* | Statik standart marshrut (candidate default) | S* 0.0.0.0/0 [1/0] via 10.0.12.2 |
Buyruq sintaksisi
Cisco IOS — global konfiguratsiya rejimiR1(config)# ip route TARMOQ MASKA NEXT-HOP [AD] R1(config)# ip route 192.168.3.0 255.255.255.0 10.0.12.2 # next-hop orqali (tavsiya) R1(config)# ip route 192.168.3.0 255.255.255.0 g0/1 # chiqish interfeysi orqali R1(config)# ip route 0.0.0.0 0.0.0.0 10.0.12.2 # standart marshrut R1(config)# no ip route 192.168.3.0 255.255.255.0 10.0.12.2 # o‘chirish
| Buyruq (qisqasi) | Rejim | Vazifasi |
|---|---|---|
enable (en) | R1> | Imtiyozli rejimga o‘tish → R1# |
configure terminal (conf t) | R1# | Konfiguratsiya rejimi → R1(config)# |
ip route … | R1(config)# | Statik marshrut qo‘shish |
end | (config) | Imtiyozli rejimga qaytish |
show ip route (sh ip ro) | R1# | Jadvalni ko‘rish; config rejimida — do show ip route |
show ip interface brief | R1# | Interfeyslar, IP manzillar va holatlari |
ping, traceroute | R1# | Yetib borishni va yo‘lni tekshirish |
write / copy run start | R1# | Sozlamani saqlash (qayta yuklanganda yo‘qolmasligi uchun) |
Statik marshrutizatsiya va konfiguratsiya
Fan dasturida bu mavzu ikki mashg‘ulotga ajratilgan. Bugun (11-amaliy) — asoslar: jadvalni o‘qish, yetishmayotgan tarmoqlarni aniqlash, ip route va standart marshrut, LPM. 12-amaliy mashg‘ulot — davomi: to‘rt routerli tarmoq, suzuvchi (zaxira) marshrutlar, administrativ masofa, umumlashtirish, rekursiv qidiruv va nosozliklarni izlash.
Vaziyat: ADU qoshidagi o‘quv markazining uch filiali bor. Har birida o‘z lokal tarmog‘i (LAN) va router. Routerlar o‘zaro nuqta-nuqta kanallar (/30) bilan ulangan. Sizning vazifangiz — barcha filiallarni bir-biriga «ko‘rsatish».
Namunaviy topshiriq 1. Kimga nima yetishmaydi?
Shart: har bir router uchun bevosita ulangan tarmoqlarni va statik marshrut kerak bo‘lgan tarmoqlarni aniqlang.
- Barcha tarmoqlar ro‘yxati
192.168.1.0/24, 192.168.2.0/24, 192.168.3.0/24, 10.0.12.0/30, 10.0.23.0/30 — jami 5 ta.
- R1 ni tahlil qiling
Ulangan: 192.168.1.0/24 (g0/0), 10.0.12.0/30 (g0/1). Yetishmaydi: 192.168.2.0/24, 192.168.3.0/24, 10.0.23.0/30 — 3 ta. Hammasining next-hop’i — R2 ning bizga qaragan manzili
10.0.12.2. - R2 ni tahlil qiling
Ulangan: 192.168.2.0/24, 10.0.12.0/30, 10.0.23.0/30. Yetishmaydi: 192.168.1.0/24 (→ 10.0.12.1) va 192.168.3.0/24 (→ 10.0.23.2) — 2 ta.
- R3 ni tahlil qiling
Ulangan: 192.168.3.0/24, 10.0.23.0/30. Yetishmaydi: 192.168.1.0/24, 192.168.2.0/24, 10.0.12.0/30 — hammasi
10.0.23.1orqali, 3 ta. - Jami
3 + 2 + 3 = 8 ta statik marshrut. Har bir yo‘nalish uchun ham borish, ham qaytish hisobga olindi.
Namunaviy topshiriq 2. Routerlarni sozlash
- R1 (Andijon)
R1> enable R1# configure terminal R1(config)# ip route 192.168.2.0 255.255.255.0 10.0.12.2 R1(config)# ip route 192.168.3.0 255.255.255.0 10.0.12.2 R1(config)# ip route 10.0.23.0 255.255.255.252 10.0.12.2 R1(config)# end R1# show ip route
- Birinchi tekshiruv — va birinchi «xafagarchilik»
Endi «PC1 → ping 192.168.3.10» tugmasini bossangiz, U.U.U chiqadi: paket R2 gacha yetadi, lekin R2 192.168.3.0 ni hali bilmaydi. Statik marshrut yo‘lning hamma routerlarida bo‘lishi kerak.
- R2 (Namangan)
R2(config)# ip route 192.168.1.0 255.255.255.0 10.0.12.1 R2(config)# ip route 192.168.3.0 255.255.255.0 10.0.23.2
- Ikkinchi tekshiruv
Yana ping: endi paket PC3 ga yetadi, lekin javob qaytmaydi (.....) — R3 192.168.1.0 ga yo‘lni bilmaydi. Bu — qaytish yo‘li muammosi.
- R3 (Farg‘ona) — va g‘alaba
R3(config)# ip route 192.168.1.0 255.255.255.0 10.0.23.1 R3(config)# ip route 192.168.2.0 255.255.255.0 10.0.23.1 R3(config)# ip route 10.0.12.0 255.255.255.252 10.0.23.1
Endi !!!!! — Success rate is 100 percent.
Laboratoriya: router konsoli
Quyidagi konsol Cisco IOS buyruqlarini soddalashtirilgan holda bajaradi: enable, conf t, ip route, no ip route, show ip route, show run, show ip int brief, ping, traceroute, interface, shutdown. Router tugmalari bilan konsollar orasida o‘tasiz, pastdagi PC tugmalari esa kompyuterlardan ping yuboradi. Konsol har bir muvaffaqiyatsiz ping’ga sababini ham yozadi (haqiqiy routerda bunday «maslahatchi» yo‘q!). Yuqoridagi buyruqlarni bajaring va «Topshiriqni tekshirish» bilan 1–4-vazifalarni yoping.
:ik-terminal: Router konsoli: Andijon — Namangan — Farg‘ona
Buyruqlarni qisqartirib yozish mumkin: en, conf t, sh ip ro. Konfiguratsiya rejimidan chiqmasdan jadvalga qarash uchun do sh ip ro. Oldingi buyruqni qaytarish — ↑ tugmasi. Xato yozgan marshrutni no ip route … bilan o‘chiring.
Standart marshrut: «qolgan hamma narsa — u yoqqa»
R1 va R3 — chekka (stub) routerlar: ularning tashqi dunyoga bittagina yo‘li bor. Ularda har bir uzoq tarmoqni alohida yozish shart emas — bitta standart marshrut yetarli:
R1(config)# ip route 0.0.0.0 0.0.0.0 10.0.12.2 # R1: hamma begona tarmoq → R2 R3(config)# ip route 0.0.0.0 0.0.0.0 10.0.23.1 # R3: hamma begona tarmoq → R2
0.0.0.0/0 prefiksi 0 bitli — u har qanday manzilga mos keladi, lekin eng qisqa prefiks bo‘lgani uchun faqat boshqa hech qanday yozuv mos kelmaganda tanlanadi. Uyingizdagi Wi-Fi router ham aynan shunday ishlaydi: lokal tarmoqdan tashqaridagi hamma narsani provayderga yuboradi. R2 esa — markaziy (tranzit) router: unga ikkala tomondagi LAN’lar uchun aniq marshrutlar kerak. Natijada 8 ta o‘rniga 4 ta marshrut — bu konsoldagi Boss vazifasi.
Standart marshrutni ikki qo‘shni router bir-biriga qaratib yozsa (R1 → R2, R2 → R1), noma’lum manzilga yuborilgan paket ular orasida TTL tugaguncha «tennis» o‘ynaydi — marshrut halqasi. Shuning uchun standart marshrut odatda faqat chekka routerlarda, «Internet tomon» yo‘nalishda ishlatiladi. Halqalarni topish — 12-amaliyning mavzusi.
Router miyasi Python’da: eng uzun prefiks bo‘yicha qidiruv
Konsoldagi har bir ping ortida router bitta amalni bajaradi: jadvaldan manzilga mos, prefiksi eng uzun yozuvni topadi. Python’ning ipaddress moduli bilan bu bir necha qator:
import ipaddress tarmoq = ipaddress.ip_network("192.168.0.0/16") ip = ipaddress.ip_address("192.168.3.10") print(ip in tarmoq) # True — manzil shu tarmoqqa tegishli print(tarmoq.prefixlen) # 16 — prefiks uzunligi print(tarmoq.netmask) # 255.255.0.0
Mustaqil topshiriqlar
Oson → qiyin tartibida 6 ta topshiriq: har biri administratorning kundalik ishidagi kichik «avtomatlashtirish». input() ni taklifsiz yozing; «Tekshirish» tugmasi testlarni ishga tushiradi.
Natijaga e’tibor bering: 10 ta filialda 162 ta marshrut! Bitta yangi filial qo‘shilsa — hamma routerga qo‘lda yozib chiqish kerak. Aynan shu muammo dinamik marshrutizatsiyani (13-amaliy) keltirib chiqargan.
Ko‘p uchraydigan xatolar
| Xato | Belgisi | Tuzatish |
|---|---|---|
| Qaytish yo‘li unutilgan | ping: ..... (so‘rov yetadi, javob yo‘q) | Manzil tomondagi routerlarga manba tarmog‘iga marshrut qo‘shing |
| Yo‘ldagi oraliq routerda marshrut yo‘q | ping: U.U.U; traceroute o‘sha routerda to‘xtaydi | Yo‘lning har bir routerini tekshiring |
| Next-hop — uzoqdagi router manzili | Marshrut jadvalga tushmaydi yoki noto‘g‘ri yo‘lga ketadi | Next-hop — bevosita ulangan qo‘shnining manzili |
| Xost manzili bilan tarmoq (192.168.3.10 /24) | %Inconsistent address and mask | Tarmoq manzili: 192.168.3.0 |
| Noto‘g‘ri maska (/30 o‘rniga /24) | Ba’zi manzillar ishlaydi, ba’zilari yo‘q | Topologiyadagi prefiks bilan solishtiring |
enable qilmasdan conf t | % Invalid input | Avval enable |
| Sozlama saqlanmagan | Router qayta yuklangach marshrutlar yo‘qoladi | write yoki copy running-config startup-config |
Maslahat: avval dastur nega hech narsa chiqarmayotganini aniqlang (kiritish qatori qanday ajratilyapti?), keyin chiqish qatorini namunaga solishtiring.
Boss level
Boss level: filiallar zanjiri avtokonfiguratori
Kompaniya vodiy bo‘ylab k ta filialni zanjir qilib ulamoqchi. Rejaga ko‘ra: Ri filialining LAN’i — 192.168.i.0/24; Ri va Ri+1 orasidagi kanal — 10.0.i.0/30, unda Ri — 10.0.i.1, Ri+1 — 10.0.i.2. Dastur k ni o‘qib, har bir router uchun barcha kerakli statik marshrut buyruqlarini chiqarsin (standart marshrutsiz). Tartib: «Ri:» sarlavhasi, so‘ng avval LAN’lar (1 dan k gacha, o‘ziniki tashlab), keyin kanallar (1 dan k−1 gacha, ulanganlari tashlab). Next-hop: chap tomondagi tarmoqlar uchun 10.0.(i−1).1, o‘ng tomondagilar uchun 10.0.i.2. +60 XP
Konsoldagi «Boss» vazifasini ham bajaring: 4 ta marshrut bilan butun tarmoqni ishlating (R1 va R3 da standart marshrut, R2 da ikki LAN uchun aniq marshrut).
Mustahkamlash
Nazorat savollari
Statik marshrutizatsiya nima, uning afzallik va kamchiliklari qanday?
Administrator qo‘lda yozgan marshrutlar. Afzalligi: sodda, oldindan aytib bo‘ladigan, router resursini sarflamaydi, xavfsiz (yangilanishlar almashilmaydi). Kamchiligi: tarmoq o‘zgarsa avtomatik moslashmaydi, katta tarmoqda yozuvlar soni keskin oshadi.
C, L, S va S* kodlari nimani bildiradi?
C — bevosita ulangan tarmoq, L — routerning o‘z interfeys manzili (/32), S — statik marshrut, S* — statik standart marshrut.
ip route buyrug‘ining sintaksisini tushuntiring.
ip route TARMOQ MASKA (NEXT-HOP | INTERFEYS) [AD] — global konfiguratsiya rejimida; tarmoq manzili xost bitlarisiz yoziladi.
Next-hop va chiqish interfeysi bilan yozilgan marshrutlarning farqi?
Next-hop — qo‘shni routerning IP manzili; router uni qayerdan chiqishini o‘zi aniqlaydi. Chiqish interfeysi — paketni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha portdan chiqaradi; nuqta-nuqta kanallarda qulay, Ethernet’da ARP muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.
Nima uchun ping ishlashi uchun ikki tomonga marshrut kerak?
Ping — so‘rov (Echo Request) va javob (Echo Reply). Javob paketi manba tarmog‘iga borishi uchun manzil tomondagi routerlarda ham marshrut bo‘lishi kerak.
Standart marshrut qachon ishlatiladi va qanday xavfi bor?
Chekka routerlarda — yagona chiqish yo‘li bo‘lganda, «Internet tomon». Xavfi: ikki router bir-biriga standart marshrut qaratsa, noma’lum manzillar uchun halqa paydo bo‘ladi.
Eng uzun prefiks qoidasi nima?
Manzilga bir nechta yozuv mos kelsa, prefiks uzunligi eng kattasi (eng aniq tarmoq) tanlanadi; 0.0.0.0/0 — eng oxirgi variant.
U.U.U va ..... natijalarining farqi nima?
U — yo‘ldagi qaysidir router «manzilga yo‘l yo‘q» (ICMP Destination Unreachable) deb javob berdi. Nuqta — javob umuman kelmadi (vaqt tugadi): paket yoki javob yo‘qolgan, ko‘pincha qaytish yo‘li yo‘q.
Mustaqil ish
Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Marshrutlash asoslari va statik hamda dinamik marshrutlash usullari.» (6 soat). Bu mashg‘ulotga oid qism: variantingizdagi topologiya uchun statik marshrutizatsiyani loyihalang.
- Topologiya sxemasini chizing, har bir interfeysga IP manzil bering (/30 kanallar, /24 LAN’lar).
- Har bir router uchun «ulangan / yetishmayotgan» tarmoqlar jadvalini tuzing.
- Barcha
ip routebuyruqlarini yozing (aniq marshrutlar bilan va standart marshrutlar bilan — ikki variant). - Cisco Packet Tracer’da (yoki darsdagi konsolda o‘xshash topologiyada) sinab, ping va traceroute natijalarining skrinshotini ilova qiling.
| Mezon | Ball |
|---|---|
| Manzillash rejasi to‘g‘ri, kesishmalarsiz | 1 |
| Har router uchun yetishmayotgan tarmoqlar to‘g‘ri aniqlangan | 1 |
| ip route buyruqlari sintaktik va mantiqan to‘g‘ri (ikkala variant) | 2 |
| Simulyatorda sinov (ping, traceroute) natijalari ilova qilingan | 1 |
Xulosa
Darsdagi natijangiz
Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, mashqlar va topshiriqlarni bajaring.