Kompyuterni tashkil etish / Ma’ruza darsi / 14-ma’ruza
Ma’ruza darsi · Kompyuter arxitekturasi

Kompyuter tizimlarining unumdorligi, energiya samaradorligi va issiqlik boshqaruvi

Iyul oyi, Andijonda soyada +40°C. Kecha 12 daqiqada render bo‘lgan loyiha bugun 16 daqiqa ketdi — kompyuter o‘zgarmagan, xona isib ketgan. Bu darsda kompyuter tezligini qanday o‘lchash, u qancha energiya yeyishini va issiqlik qanday qilib tezlikni «o‘g‘irlashini» o‘rganasiz. Simulyatorda protsessorni o‘zingiz qizitib, troting (throttling) qanday boshlanishini ko‘rasiz.

:ik-kitob: 14-ma’ruza ⏱ 2 akademik soat (80 daqiqa) 🛰 Apparat simulyatorlari ⚡ Tezlik + Vatt + Gradus
14

Dars maqsadi va rejasi

Dars yakunida siz…

  • bajarilish vaqti, o‘tkazuvchanlik, kechikish, IPC, FLOPS, kadr vaqti kabi unumdorlik ko‘rsatkichlarini farqlay va hisoblay olasiz
  • protsessor unumdorligi tenglamasidan (T = IC × CPI / f) foydalanib ikki tizimni taqqoslay olasiz
  • dinamik va statik quvvat, TDP, PL1/PL2, DVFS tushunchalarini izohlab, unumdorlik/vatt ni baholay olasiz
  • issiqlik yo‘lini va issiqlik qarshiligi modelini qo‘llab, protsessor haroratini taxmin qila olasiz
  • troting turlarini va ularning sabablarini aniqlay olasiz
  • uzoq muddatli render va strimingda tizim barqarorligini ta’minlash choralarini reja qilib bera olasiz

Reja (fan dasturi bo‘yicha)

  1. Kompyuter tizimlarining unumdorlik ko‘rsatkichlari
  2. Protsessor va boshqa komponentlarning energiya sarfi
  3. Kompyuter komponentlarida issiqlik ajralishi va issiqlikni boshqarish
  4. Uzoq muddatli hisoblash va multimedia jarayonlarida tizim barqarorligini ta’minlash

Bugungi asosiy simulyator — issiqlik kamerasi: sovutgichni, xona haroratini va changni o‘zgartirib, protsessor qachon «nafas qisib» qolishini kuzating. Uyda HWiNFO bilan xuddi shu grafiklarni haqiqiy kompyuteringizda ko‘rishingiz mumkin :ik-olov:

Kompyuter qachon «tez», qachon «sekin»? Va buni kim hal qiladi — siz, benchmark yoki termometr?

Do‘kondagi noutbuk yorlig‘ida «5,4 GHz gacha» deb yozilgan. Amalda esa render boshlanganidan 30 soniya o‘tib chastota 3,2 GHz ga tushadi, ventilyator chinqiradi. Aldashmi? Yo‘q — bu fizika: har bir gigagers vatt talab qiladi, har bir vatt esa issiqlikka aylanadi. Bugun uch savolga javob topamiz: tezlik qanday o‘lchanadi, energiya nimaga ketadi va issiqlik bilan qanday kurashiladi.

Tayanch iboralar

Avval atamaning ma’nosini o‘zingiz eslab ko‘ring, keyin kartani bosib tekshiring.

Kompyuter tizimlarining unumdorlik ko‘rsatkichlari

«Qaysi kompyuter tezroq?» degan savolga javob — «qaysi ishda?» degan qarshi savol. O‘yinchi uchun kadr/s, montajchi uchun render vaqti, server uchun so‘rov/s, ovoz muhandisi uchun esa audio kechikishi muhim.

Ta’rif

Unumdorlik — tizimning berilgan ishni bajarish tezligi. Eng ishonchli o‘lchov — real ishning bajarilish vaqti. Unumdorlik = 1 / Bajarilish vaqti; A tizim B dan n marta tez, agar T(B) / T(A) = n bo‘lsa.

Protsessor unumdorligi tenglamasi

Dastur bajarilishiga ketgan CPU vaqti uchta omilga bog‘liq: buyruqlar soni (IC — instruction count), bitta buyruqqa o‘rtacha takt (CPI) va takt chastotasi (f):

asosiy formulaT = IC × CPI / f        # sekund
IPC = 1 / CPI
MIPS = f / (CPI × 10⁶)  = IC / (T × 10⁶)

Misol: render dasturi 600 mlrd buyruq bajaradi. A protsessor: 4,0 GHz, IPC = 2,5 (CPI = 0,4) → T = 600·10⁹ × 0,4 / 4·10⁹ = 60 s. B protsessor: 5,0 GHz, IPC = 1,6 → T = 600·10⁹ × 0,625 / 5·10⁹ = 75 s. Chastotasi yuqori B sekinroq chiqdi — 4-ma’ruzada ko‘rgan konveyer va superskalyarlik (yuqori IPC) shuning uchun muhim.

Multimedia uchun asosiy ko‘rsatkichlar

14.1-jadval. Unumdorlik ko‘rsatkichlari va ularning o‘lchov birliklari
Ko‘rsatkichBirlikNima ko‘rsatadiMisol
Bajarilish vaqtis, daqiqaReal ish qancha davom etdiBlender sahnasi 4 daq 12 s da render bo‘ldi
Kadr tezligikadr/s (FPS)O‘rtacha o‘tkazuvchanlikO‘yin 1080p da 120 FPS
Kadr vaqti, 1% lowms, FPSSilliqlik: eng sekin kadrlarO‘rtacha 120 FPS, lekin 1% low 45 FPS — «qotishlar» bor
Kodlash tezligikadr/s, «× real vaqt»Video eksport tezligiNVENC 1080p da 400 kadr/s ≈ 13× real vaqt (30 kadr/s video)
FLOPSGFLOPS, TFLOPSNazariy hisoblash quvvatiFP32: yadrolar × chastota × 2 (FMA)
Xotira o‘tkazuvchanligiGB/sMa’lumot oqimi tezligiDDR5-6000 ikki kanal ≈ 96 GB/s
Audio kechikishmsBufer o‘lchami / diskretlash chastotasi256 namuna / 48 kHz ≈ 5,3 ms
Diqqat: o‘rtacha FPS aldaydi

60 FPS = har kadrga 16,7 ms. Agar 100 kadrdan 99 tasi 10 ms da, bittasi esa 200 ms da chiqsa, o‘rtacha FPS yaxshi ko‘rinadi, lekin ko‘z «qotish»ni sezadi. Shuning uchun sharhlovchilar 1% low (eng sekin 1% kadrlar asosidagi FPS) va kadr vaqti grafigini ham ko‘rsatadi.

Benchmark turlari

1

Sintetik

Maxsus yuklama yaratadi: AIDA64 (xotira, kesh), Cinebench (CPU render), 3DMark (GPU), Geekbench. Taqqoslash oson, lekin real dasturni to‘liq aks ettirmaydi.

2

Real ilova

Haqiqiy dastur ishi vaqtini o‘lchaydi: HandBrake eksporti, Blender Benchmark, PugetBench (Premiere, Resolve uchun). Eng ishonchli.

3

Standart to‘plamlar

SPEC CPU kabi ko‘plab dasturlar to‘plami; natijalar geometrik o‘rtacha bilan birlashtiriladi, toki bitta test natijani «tortib ketmasin».

To‘g‘ri o‘lchash qoidalari

Testni kamida 3 marta takrorlang va medianani oling; fon dasturlarini yoping; noutbukni zaryadga ulang va «Yuqori unumdorlik» rejimini tanlang; xona haroratini yozib qo‘ying; bitta qisqa test emas, uzoq (10+ daqiqa) test ham o‘tkazing — aks holda troting ko‘rinmaydi.

Protsessor va boshqa komponentlarning energiya sarfi

Protsessor ichida milliardlab tranzistor har taktda zaryadlanib-razryadlanadi. Har bir bunday «chiq-chiq» — energiya. Shuning uchun quvvat chastota bilan va, eng muhimi, kuchlanishning kvadrati bilan oshadi.

Formula

Dinamik quvvat: Pdin = α · C · V² · f, bu yerda α — faollik koeffitsienti (taktda qayta ulanadigan tranzistorlar ulushi), C — sig‘im, V — kuchlanish, f — chastota. Statik quvvat (oqish, leakage) — tranzistor «o‘chiq» holatda ham sizib o‘tadigan tok; u harorat oshgani sari ko‘payadi. Jami: P = Pdin + Pstat.

Chastotani oshirish uchun kuchlanishni ham ko‘tarish kerak. Shu sababli yuqori chastotalarda quvvat taxminan f³ ga mutanosib o‘sadi: oxirgi 10% tezlik uchun 30–40% ko‘proq quvvat to‘lanadi. Noutbuklar va «Eco» rejimlar aynan shu egri chiziqning tejamkor qismida ishlaydi.

Simulyator: DVFS — chastota, kuchlanish va vatt

:ik-sozlama: 8 yadroli protsessor: chastotani suring

Chastota: 4.0 GHz
–kuchlanish, V
–quvvat, W
–benchmark balli
–ball / W
–render, s
Slayderni suring va «ball / W» eng katta bo‘ladigan nuqtani toping.

TDP, PL1/PL2 va boshqa «quvvat yorliqlari»

14.2-jadval. Ishlab chiqaruvchilarning quvvat chegaralari
AtamaMa’nosi
TDPSovutgich uzoq vaqt chiqarib tashlashi kerak bo‘lgan issiqlik quvvati — sovutish tizimini loyihalash uchun ko‘rsatkich
Intel PL1 / PL2 (Base / Maximum Turbo Power)PL1 — uzoq muddatli chegara, PL2 — qisqa muddatli (o‘nlab soniya) yuqori chegara. Render boshida protsessor PL2 da «yuguradi», keyin PL1 ga tushadi
AMD PPTPackage Power Tracking — protsessor paketiga beriladigan quvvat chegarasi (odatda TDP dan yuqori)
GPU TGP / TBPGrafik chip yoki butun kartaning quvvati. Noutbuk GPU lari bir xil nom bilan turli TGP da chiqadi — tezligi ham har xil!

Butun tizimning quvvat byudjeti

14.3-jadval. Montaj stansiyasining taxminiy quvvat sarfi (to‘liq yuklamada)
KomponentTaxminiy quvvat
CPU (8–16 yadro)65–250 W
GPU (o‘rta–yuqori sinf)150–450 W
Anakart, chipset, VRM yo‘qotishlari20–50 W
Operativ xotira (har modul)3–8 W
NVMe SSD5–10 W (yozishda)
Ventilyatorlar, nasos, yoritish5–25 W

Quvvat bloki (PSU) tanlashda yig‘indiga 30–40% zaxira qo‘shiladi: GPU lar millisekundlik «sakrashlar» (transient spikes) beradi, blok esa yuklamaning 50–70% qismida eng yuqori FIK (samaradorlik, 80 PLUS sertifikati) bilan ishlaydi.

Unumdorlik / vatt

Ma’lumot markazlari, noutbuk va smartfonlar uchun asosiy ko‘rsatkich — bir vattga to‘g‘ri keladigan unumdorlik (masalan, kadr/s / W yoki ball / W). 13-ma’ruzadagi apparat kodlovchilar aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha CPU dan o‘nlab marta ustun.

Kompyuter komponentlarida issiqlik ajralishi va issiqlikni boshqarish

Protsessor iste’mol qilgan elektr energiyasining deyarli hammasi issiqlikka aylanadi. 200 W lik protsessor — bu kichik elektr isitgich, faqat uning yuzasi tirnoq kattaligida. Vazifa: shu issiqlikni kristalldan xonaga imkon qadar tez chiqarish.

Issiqlik yo‘li va issiqlik qarshiligi modeli

KristallT_j ≈ 85°C Qopqoq (IHS)+ termopasta Radiator asosiissiqlik quvurlari Qovurg‘alar+ ventilyator Korpus → xonaT_amb ≈ 25–40°C T_j = T_amb + P × (R₁ + R₂ + R₃ + …) = T_amb + P × R_jami Masalan: 30°C + 200 W × 0,25 °C/W = 80°C
14.1-rasm. Issiqlik kristalldan xonaga ketma-ket «qarshiliklar» orqali o‘tadi — elektr zanjiridagi kabi
14.4-jadval. Sovutish usullari (issiqlik qarshiligi — taxminiy, tartib uchun)
UsulR, °C/WQayerdaIzoh
Passiv radiator1,0 va undan yuqoriSmartfon, planshet, mini-PCVentilyatorsiz — faqat kam quvvatli chiplar
Standart «box» kuler≈ 0,4–0,5Ofis kompyuterlari65 W gacha qulay, renderda troting
Minorali havo kuleri (tower)≈ 0,15–0,25Ish stansiyalariIssiqlik quvurlari + katta qovurg‘alar
Suyuqlikli AIO (240/360 mm)≈ 0,1–0,15Yuqori quvvatli CPUIssiqlikni korpus chetidagi radiatorga olib chiqadi
Bug‘ kamerasi (vapor chamber)—Noutbuklar, videokartalarTekis «issiqlik quvuri» — issiqlikni keng yuzaga tarqatadi

Himoya mexanizmlari: troting

14.5-jadval. Troting turlari
TurQachon ishga tushadiNatija
Issiqlik (thermal)Kristall harorati maksimal ruxsat etilgan Tjmax ga yetganda (ko‘p Intel protsessorlarida 100°C, AMD Ryzen 7000 da 95°C)Chastota va kuchlanish pasayadi
Quvvat (power limit)PL1/PL2/PPT chegarasiga yetgandaHarorat past bo‘lsa ham chastota cheklanadi
Tok (current/EDC)Ta’minot zanjiri (VRM) tok chegarasidaQisqa muddatli pasayish
VRM haroratiAnakartdagi kuchlanish regulyatorlari qizib ketgandaArzon anakartda kuchli CPU sekinlashadi
Avariya o‘chishiHarorat xavfli darajaga yetsa (THERMTRIP)Kompyuter darhol o‘chadi — qurilmani saqlash uchun

Simulyator: issiqlik kamerasi

120 soniyalik render davomida protsessor harorati va chastotasini kuzatamiz. Sovutgich turini, xona haroratini va «chang» holatini tanlang. Protsessor Tjmax = 100°C ga yetsa, o‘zini sekinlashtiradi. Avval taxmin qiling: «box» kuler bilan Andijon yozida (40°C) render qancha sekinlashadi?

:ik-olov: Render: 120 soniya, to‘liq yuklama

–maks. harorat, °C
–o‘rtacha chastota, GHz
–o‘rtacha quvvat, W
–tezlik yo‘qotilishi
Sozlamalarni tanlab, renderni boshlang.

Uzoq muddatli hisoblash va multimedia jarayonlarida tizim barqarorligini ta’minlash

To‘y videosini kechasi 6 soat render qilish yoki 4 soatlik strim — bu sprint emas, marafon. Qisqa benchmarkda «a’lo» ko‘ringan kompyuter uzoq yuklamada sekinlashishi, qotib qolishi yoki o‘chib qolishi mumkin. Barqarorlik — unumdorlikning ajralmas qismi.

:ik-tez: Qisqa (burst) unumdorlik

Birinchi 10–60 soniya: protsessor PL2/turbo chastotada, sovutgich hali «sovuq». Qisqa testlar (bitta Cinebench o‘tishi) asosan shuni o‘lchaydi.

:ik-vaqt: Barqaror (sustained) unumdorlik

10+ daqiqadan keyin: PL1 chegarasi, sovutgich va korpus isigan. Render va strim uchun aynan shu raqam muhim. Noutbuklarda farq 30–50% gacha bo‘lishi mumkin.

Barqarorlikni tekshirish: stress-testlar va monitoring

14.6-jadval. Barqarorlik vositalari
VositaNima uchun
HWiNFOHarorat, chastota, quvvat, ventilyator aylanishi; troting belgilarini (thermal/power limit) yozib boradi, CSV ga saqlaydi
AIDA64 System Stability TestCPU, FPU, kesh, xotira, GPU ga birgalikda yuklama + grafiklar
OCCT, Prime95CPU va xotirani maksimal yuklab, hisob xatolarini qidiradi
3DMark Stress TestGPU sahnasini 20 marta takrorlaydi; kadr barqarorligi 97% dan past bo‘lsa — test o‘tmaydi
MSI AfterburnerGPU monitoringi, ekranda FPS/harorat ko‘rsatish, ventilyator egri chizig‘i

Barqarorlikni ta’minlash choralari

14.7-jadval. Muammo → chora
XavfChora
Issiqlik trotingi, ventilyator shovqiniYetarli sovutgich, korpusda havo oqimi (oldindan kiradi, orqa/yuqoridan chiqadi), 6–12 oyda chang tozalash, termopastani almashtirish
Elektr uzilishi, kuchlanish sakrashiUPS (uzluksiz ta’minot manbai), stabilizator — tarmoq kuchlanishi o‘zgarib turadigan hududlarda ayniqsa muhim
Quvvat bloki yetmasligiZaxirali (30–40%) va sifatli (80 PLUS Gold va yuqori) PSU
Beqaror overklok, «undervolt» xatolariIsh kompyuterida zavod sozlamalari; o‘zgartirishdan keyin soatlab stress-test
Xotira xatolari (uzoq hisobda)Professional stansiyalarda ECC xotira; XMP/EXPO profilini barqarorlikka tekshirish
Ish yo‘qolishiAvtosaqlash, loyihani bo‘laklarga bo‘lib render qilish, render navbati
:ik-video:To‘y videostudiyasiKechasi navbat bilan render: UPS, chang tozalangan korpus va konditsioner — ertalab tayyor fayl.
:ik-oyin:Kibersport klubi20 ta kompyuter yozda kun bo‘yi ishlaydi: issiqlik — FPS tushishi va «qotish»larning birinchi sababi.
:ik-server:Ma’lumot markaziElektr hisobining katta qismi sovutishga ketadi; shuning uchun «unumdorlik/vatt» server tanlashda asosiy mezon.

Ko‘p uchraydigan xatolar

Noto‘g‘ri tasavvurAslida
«GHz qancha ko‘p bo‘lsa, protsessor shuncha tez»T = IC × CPI / f: IPC (arxitektura) va buyruqlar soni ham muhim. Turli avlodlarni GHz bo‘yicha taqqoslab bo‘lmaydi.
«TDP — protsessorning maksimal iste’moli»TDP — sovutish loyihasi uchun ko‘rsatkich; PL2/PPT rejimida iste’mol undan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
«Bitta qisqa benchmark — to‘liq baho»Qisqa test troting va barqaror rejimni ko‘rsatmaydi. Uzoq test va real ilova kerak.
«O‘rtacha FPS yuqori — demak silliq»Silliqlikni kadr vaqti va 1% low belgilaydi.
«Kuchli PSU ko‘p elektr yeydi»Blok faqat tizim so‘raganini beradi; aksincha, zaxirali blok samaraliroq zonada ishlaydi.
«95°C — protsessor buzilyapti»Ba’zi zamonaviy protsessorlar Tjmax gacha ataylab «chiqib» ishlaydi; muhimi — troting bormi va unumdorlik barqarormi.

Mustahkamlash

// 1 DAQIQADA ESLAB QOLING

  1. Unumdorlik = 1 / vaqt; CPU vaqti T = IC × CPI / f.
  2. Multimedia ko‘rsatkichlari: FPS, kadr vaqti, 1% low, kodlash tezligi, TFLOPS, GB/s.
  3. Pdin = α·C·V²·f; yuqori chastotada quvvat ≈ f³ ga o‘sadi.
  4. TDP — sovutish uchun; PL1/PL2/PPT — haqiqiy quvvat chegaralari.
  5. Tj = Tamb + P × R; Tjmax ga yetsa — troting.
  6. Barqarorlik: uzoq test, monitoring (HWiNFO), sovutish, chang, UPS, sifatli PSU.

Yakuniy test

Nazorat savollari

Unumdorlik qanday ta’riflanadi va ikki tizim qanday taqqoslanadi?

Unumdorlik = 1 / bajarilish vaqti. A tizim B dan n marta tez, agar T(B) / T(A) = n.

Protsessor unumdorligi tenglamasini yozing va har bir omilni izohlang.

T = IC × CPI / f: IC — buyruqlar soni (dastur va kompilyator), CPI — buyruqqa takt (mikroarxitektura), f — chastota (texnologiya va quvvat).

O‘tkazuvchanlik va kechikishning farqi nimada? Multimedia misolini keltiring.

O‘tkazuvchanlik — vaqt birligidagi ish (kadr/s), kechikish — bitta ish vaqti (kadr vaqti ms, audio kechikishi). Strimda yuqori FPS bilan birga kichik kechikish ham kerak.

Nima uchun o‘rtacha FPS yetarli ko‘rsatkich emas?

U alohida juda sekin kadrlarni yashiradi; silliqlikni kadr vaqti grafigi va 1% low ko‘rsatadi.

Dinamik va statik quvvatning farqi nimada?

Dinamik — tranzistorlar qayta ulanishidan (α·C·V²·f), statik — oqish toki, u harorat va kuchlanish bilan oshadi.

DVFS nima va u nima uchun samarali?

Yuklamaga qarab kuchlanish va chastotani o‘zgartirish. Kuchlanish kvadrat bilan ta’sir qilgani uchun uni biroz pasaytirish quvvatni sezilarli kamaytiradi.

TDP, PL1, PL2 va PPT ni farqlang.

TDP — sovutish loyihasi; PL1 — uzoq muddatli quvvat chegarasi, PL2 — qisqa muddatli; PPT — AMD paket quvvati chegarasi.

Issiqlik qarshiligi modeli qanday ishlaydi?

Tj = Tamb + P × Rjami, Rjami — kristall, pasta, radiator, havo qarshiliklari yig‘indisi.

Troting turlarini sanab bering.

Issiqlik, quvvat chegarasi, tok (EDC), VRM harorati; avariya holatida — THERMTRIP o‘chishi.

Uzoq render uchun tizim barqarorligini qanday ta’minlaysiz?

Uzoq stress-test va monitoring, yetarli sovutish va havo oqimi, chang tozalash, UPS, sifatli PSU, zavod sozlamalari, ECC (kerak bo‘lsa), avtosaqlash.

Mustaqil ish

Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Kompyuter tizimlarining unumdorligini baholash va benchmark texnologiyalari» (4 soat).

  1. Variantingizdagi tizim uchun unumdorlik ko‘rsatkichlarini tanlang va asoslang (qaysi benchmark, qaysi real ilova testi).
  2. Imkon bo‘lsa, o‘z kompyuteringizda qisqa (1 o‘tish) va uzoq (10 daqiqa) Cinebench yoki Blender Benchmark o‘tkazing; HWiNFO da harorat, chastota va quvvatni yozib oling; natijalar farqini troting nuqtai nazaridan tahlil qiling.
  3. Tizimning quvvat byudjetini hisoblang va PSU hamda sovutgich tanlovini asoslang.
Baholash mezonlari (individual topshiriq)
MezonBall
Ko‘rsatkichlar va benchmarklar to‘g‘ri tanlangan va asoslangan2
Quvvat byudjeti va issiqlik hisobi (formulalar bilan)1
O‘lchov natijalari yoki asoslangan taxminiy ma’lumotlar tahlili1
Barqarorlik bo‘yicha aniq tavsiyalar1

Xulosa

Vaqt — asosiy o‘lchovUnumdorlik = 1 / vaqt; T = IC × CPI / f.
To‘g‘ri ko‘rsatkichFPS, kadr vaqti, 1% low, kodlash tezligi, TFLOPS — vazifaga qarab.
BenchmarkSintetik + real ilova; takrorlash, mediana, uzoq test.
QuvvatP = α·C·V²·f + oqish; DVFS — tejashning asosiy vositasi.
YorliqlarTDP sovutish uchun; PL1/PL2/PPT — haqiqiy chegaralar.
IssiqlikTj = Tamb + P × R; chang va issiq xona R va Tamb ni oshiradi.
TrotingIssiqlik, quvvat, tok, VRM — tezlikni avtomatik cheklaydi.
BarqarorlikMarafon uchun: monitoring, sovutish, UPS, sifatli PSU, avtosaqlash.

Darsdagi natijangiz

Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, mashqlar va topshiriqlarni bajaring.

Shaxsiy eslatmalarim