Dasturlash asoslari / Amaliy mashg‘ulot / 21-amaliy mashg‘ulot
Amaliy mashg‘ulot · Python

GUI elementlari yordamida grafik interfeys yaratish. Tkinter kutubxonasi yordamida oddiy grafik interfeysli dasturlar ishlab chiqish

Bugun siz ilova yaratuvchisiz. Salomlashuvchi oynadan boshlab kalkulyator, tana massasi indeksi (TMI) hisoblagichi, valyuta konvertori, vazifalar ro‘yxati va login formasini yasaysiz, oxirida esa o‘z viktorina ilovangizni yaratasiz. Har bir oyna shu sahifaning o‘zida ochiladi: tugmalarni bosing, maydonlarga yozing va tekshirish ro‘yxati bo‘yicha o‘zingizni baholang.

📘 21-amaliy mashg‘ulot ⏱ 2 akademik soat (80 daqiqa) 🐍 Python 3 · brauzerda ishlaydi ⚡ O‘z ilovangizni yarating
21

Dars maqsadi va rejasi

Dars yakunida siz…

  • ilovani rejalashtirish algoritmini qo‘llay olasiz: eskiz → vidjetlar → joylashuv → callback → tekshiruv
  • Label, Button, Entry, Frame, Radiobutton, Checkbutton, Listbox vidjetlarini maqsadga mos tanlab, sozlay olasiz
  • grid() va pack() yordamida forma va tugmalar panelini tartibli joylashtira olasiz
  • callback funksiyalarida kiritilgan ma’lumotni o‘qib (get), tekshirib (try/except) va natijani vidjetga chiqara olasiz (config, messagebox)
  • Listbox bilan ro‘yxat yuritish (qo‘shish, o‘chirish, tanlanganini olish) va holatni (urinishlar soni, ball) saqlay olasiz
  • ilova mantiqini alohida funksiyalarga ajratib, uni konsolda testdan o‘tkazib, keyin interfeysga ulay olasiz

Reja (fan dasturi bo‘yicha)

  1. GUI elementlari yordamida grafik interfeys yaratish
  2. Tkinter kutubxonasi yordamida oddiy grafik interfeysli dasturlar ishlab chiqish

Maslahatim: har bir ilovani avval qog‘ozga chizing (qayerda yozuv, qayerda maydon, qayerda tugma). Keyin kodni bosqichma-bosqich yozing va har qadamdan so‘ng ▶ bosing. Brauzerdagi Tkinter soddalashtirilgan — tayyor ilovani IDLE’da ham ishga tushirib ko‘ring.

Birinchi ilovangizni do‘stingizga qachon ko‘rsatasiz?

Telegram, Click yoki HEMIS — bularning hammasi bir vaqtlar kimningdir «birinchi oynasi»dan boshlangan. Ularning ichi ham siz bugun yozadigan narsalardan iborat: yozuv, kiritish maydoni, tugma va tugma bosilganda ishlaydigan funksiya. Dars oxirida sizda 7 ta ishlaydigan GUI ilova bo‘ladi — portfoliongiz uchun yaxshi boshlanish!

Tayanch iboralar

Nazariy eslatma

12-ma’ruzadan eng kerakli ma’lumotlar — bitta «shpargalka»da.

Har bir ilovaning qolipiimport tkinter as tk
from tkinter import messagebox

def hisobla():                 # 4. callback
    s = maydon.get()            #    o‘qish (str!)
    natija.config(text=s)       #    chiqarish

oyna = tk.Tk()                  # 1. oyna
oyna.title("Ilova")
maydon = tk.Entry(oyna)         # 2. vidjetlar
natija = tk.Label(oyna, text="")
maydon.grid(row=0, column=0)    # 3. joylashuv
tk.Button(oyna, text="OK", command=hisobla).grid(row=0, column=1)
natija.grid(row=1, column=0, columnspan=2)
oyna.mainloop()                 # 5. hodisalar sikli
21.1-jadval. Eng ko‘p ishlatiladigan metodlar
VidjetMetodlar
Labelconfig(text=…, fg=…)
Entryget(), insert(0, s), delete(0, tk.END), show="*"
Buttoncommand=f, config(state="disabled")
StringVar / IntVarget(), set(x), textvariable=, variable=
Listboxinsert(tk.END, x), delete(i), curselection(), get(i), size()
messageboxshowinfo, showwarning, showerror, askyesno
Ilova yaratish algoritmi

1) Eskiz chizing. 2) Kerakli vidjetlar ro‘yxatini tuzing. 3) Joylashuvni tanlang (forma — grid, ketma-ket — pack). 4) Mantiqni funksiya qilib yozing va konsolda sinang. 5) Funksiyani tugmaga ulang. 6) Noto‘g‘ri kiritishni sinang: bo‘sh maydon, harf, 0, manfiy son.

Brauzerdagi Tkinter haqida

Bu sahifadagi oynalar — Tkinter’ning soddalashtirilgan brauzer versiyasi: ko‘rinishi Windows’dagidan biroz farq qiladi, messagebox esa brauzer oynachasi bo‘lib chiqadi. Tugma bosilganda natijani print() bilan emas, Label yoki messagebox orqali ko‘rsating — haqiqiy GUI ilovalarda ham shunday qilinadi.

GUI elementlari yordamida grafik interfeys yaratish

Birinchi qismda asosiy vidjetlarni qo‘llab, «kirish → tugma → natija» tamoyilidagi ilovalarni yasaymiz.

Namunaviy topshiriq: salomlashuvchi oyna

Masala. Foydalanuvchi ismini va guruhini kiritadi, «Salomlashish» tugmasini bosadi va chiroyli xabar oladi. Ism kiritilmasa — qizil ogohlantirish. «Tozalash» tugmasi maydonlarni bo‘shatadi.

  1. Eskiz

    2 qator × 2 ustunli forma («Ism:» [maydon], «Guruh:» [maydon]), ostida ikkita tugma yonma-yon, eng pastda natija yozuvi. Demak — grid().

  2. Oyna va vidjetlar

    Tk(), 2 ta Label, 2 ta Entry, Frame ichida 2 ta Button, natija uchun Label.

  3. Callback: salomlash()

    get().strip() bilan o‘qiymiz; ism bo‘sh bo‘lsa — config(text=…, fg="red"); aks holda f-satr bilan xabar.

  4. Callback: tozala()

    delete(0, tk.END) ikkala maydonga, natija matnini bo‘shatish, kursorni ism maydoniga qaytarish (focus_set()).

  5. Sinab ko‘ring

    Bo‘sh ism, faqat bo‘sh joylar, guruhsiz ism — har holatda ilova to‘g‘ri javob beradimi?

Sinov ishlari

Mustaqil topshiriqlar

1.1. Talaba vizitkasi

Ism-familiya, yo‘nalish, kurs va qiziqishlarni ko‘rsatuvchi chiroyli «vizitka» oynasi yasang: rangli sarlavha (fon rangi bilan), turli shriftlar, Frame bilan guruhlangan ma’lumotlar va «Telegram» tugmasi (bosilganda messagebox’da username chiqadi).

  • Sarlavha rangli fonda, katta qalin shriftda va oyna eni bo‘ylab cho‘zilgan
  • Ma’lumotlar Frame ichida grid bilan ikki ustunda (kalit — qiymat) tekis joylashgan
  • Tugma bosilganda messagebox chiqadi
  • Kamida 2 xil shrift uslubi va 2 xil rang ishlatilgan

1.2. Kalkulyator

Ikkita son maydoni va to‘rtta amal tugmasi (+ − × ÷) bo‘lgan kalkulyator. Natija pastdagi yozuvda chiqadi. Noto‘g‘ri kiritishda (harf, bo‘sh maydon) va nolga bo‘lishda — qizil xabar. Maslahat: to‘rtta tugma uchun bitta funksiya yozing: command=lambda: hisobla("+").

Nega lambda b=belgi:?

Siklda lambda: hisobla(belgi) yozilsa, barcha tugmalar oxirgi belgini («÷») ishlatadi: lambda belgi o‘zgaruvchisining qiymatini bosilgan paytda o‘qiydi, u paytda sikl allaqachon tugagan. b=belgi standart qiymati esa har tugma uchun o‘sha paytdagi qiymatni «muzlatib» qo‘yadi.

  • To‘rtta amal to‘g‘ri ishlaydi (masalan, 7 va 2: 9, 5, 14, 3.5)
  • Bo‘sh maydon yoki harf kiritilganda dastur «yiqilmaydi», qizil xabar chiqadi
  • Nolga bo‘lishda alohida xabar chiqadi
  • Tugmalar bitta qatorda, forma grid bilan tekis

1.3. Tana massasi indeksi (TMI) hisoblagichi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bo‘yicha TMI = vazn (kg) / bo‘y² (m). Toifalar: 18,5 dan kam — vazn yetishmasligi, 18,5–24,9 — normal, 25–29,9 — ortiqcha vazn, 30 va undan yuqori — semizlik. Avval mantiqni konsolda yozib, testlardan o‘tkazing, keyin GUI ga ulang.

  • 70 kg va 1.75 m uchun «TMI: 22.9 — Normal» yashil rangda chiqadi
  • Toifalar va ranglar to‘rt holatda ham to‘g‘ri (1.3-a testlaridagi qiymatlar bilan sinang)
  • Bo‘sh maydon, harf, 0 yoki manfiy son kiritilganda xabar chiqadi
  • Mantiq alohida toifa() funksiyasida yozilgan

Tkinter kutubxonasi yordamida oddiy grafik interfeysli dasturlar ishlab chiqish

Endi tanlov vidjetlari, ro‘yxatlar va dastur «xotirasi» (holat) bor murakkabroq ilovalarga o‘tamiz.

Namunaviy topshiriq: valyuta konvertori

Masala. So‘m miqdori kiritiladi, valyuta (USD, EUR, RUB) radio tugmalar bilan tanlanadi; ikkita tugma: «so‘m → valyuta» va «valyuta → so‘m». Kurslar lug‘atda saqlanadi.

  1. Ma’lumot

    KURS = {"USD": 12650, "EUR": 13700, "RUB": 140} — lug‘at (dictionary). Kurslar o‘quv maqsadida taxminiy; haqiqiy kurslarni Markaziy bank saytidan olish mumkin.

  2. Tanlov

    valyuta = tk.StringVar(value="USD") va sikl bilan 3 ta Radiobutton(..., variable=valyuta, value=kod).

  3. Ikki callback

    Ikkala yo‘nalish uchun bitta aylantir(yonalish) funksiyasi: miqdorni o‘qiydi, kursni KURS[valyuta.get()] dan oladi, ko‘paytiradi yoki bo‘ladi.

  4. Formatlash

    Katta sonlarni o‘qishli qilish: f"{x:,.2f}" → 1,264,500.00; probel bilan ajratish uchun .replace(",", " ").

Sinov ishlari

Mustaqil topshiriqlar

2.1. Vazifalar ro‘yxati (To-do)

Kundalik vazifalar ilovasi: maydonga vazifa yozib «Qo‘shish» (yoki Enter), ro‘yxatda tanlab «Bajarildi ✓» (boshiga ✓ qo‘yiladi) yoki «O‘chirish». Pastda «Jami: 5 ta, bajarilgan: 2 ta» hisoblagichi. Bo‘sh vazifa qo‘shilmasin, tanlanmagan holda o‘chirishda ogohlantirish chiqsin.

  • Vazifa tugma bilan ham, Enter bilan ham qo‘shiladi, maydon tozalanadi
  • Bo‘sh vazifa qo‘shilmaydi, ogohlantirish chiqadi
  • «Bajarildi» tanlangan vazifa boshiga ✓ qo‘yadi (ikki marta qo‘ymaydi)
  • Tanlanmagan holda tugma bosilsa — ogohlantirish, xato emas
  • Hisoblagich har amaldan keyin to‘g‘ri yangilanadi

Ro‘yxat bilan ishlash mantiqini Listbox’siz, oddiy Python ro‘yxati bilan ham mashq qilib oling:

2.2. Login forma (3 ta urinish)

Login va parol maydonlari (parol yulduzchalar bilan), «Parolni ko‘rsatish» belgilash katagi, «Kirish» tugmasi. To‘g‘ri juftlik: talaba / Andijon2026. Har xato urinishda «Qolgan urinishlar: 2» kabi xabar; 3 ta xatodan keyin tugma bloklanadi (state="disabled"). Muvaffaqiyatli kirishda messagebox bilan tabrik.

  • Parol yulduzchalar bilan yashirilgan, katakcha bilan ko‘rinadi/yashirinadi
  • To‘g‘ri login va parolda tabrik (Label + messagebox)
  • Har xato urinishda qolgan urinishlar soni kamayib boradi, parol maydoni tozalanadi
  • 3 ta xatodan keyin «Kirish» tugmasi bosilmaydigan bo‘ladi
Xavfsizlik

Bu — o‘quv mashqi. Haqiqiy tizimlarda parol kod ichida ochiq yozilmaydi: u xeshlangan holda (masalan, hashlib yoki maxsus kutubxonalar bilan) ma’lumotlar bazasida saqlanadi va kiritilgan parolning xeshi bilan solishtiriladi.

Ko‘p uchraydigan xatolar

XatoBelgisiTuzatish
natija = tk.Label(...).grid(...)natija.config → AttributeError: 'NoneType'avval yarating, keyin alohida qatorda natija.grid(...)
Siklda command=lambda: f(x)hamma tugma oxirgi qiymat bilan ishlaydicommand=lambda x=x: f(x)
Holat callback ichida e’lon qilinganhisoblagich har safar 0 dan boshlanadiglobal o‘zgaruvchi (global) yoki IntVar
curselection()[0] tekshiruvsizIndexError, agar hech narsa tanlanmagan bo‘lsaif not tanlangan: …
Validatsiyadan keyin return yo‘qxato xabari darhol boshqa matn bilan almashadixato topilsa — return
float("1,75")ValueError (vergul!).replace(",", ".")

Boss level

Boss level: «Python bilimdoni» viktorina ilovasi

To‘liq viktorina ilovasini yarating +80 XP. Talablar:

  1. Savollar ro‘yxatda lug‘atlar ko‘rinishida saqlanadi: {"savol": …, "variantlar": [4 ta], "togri": indeks} — kamida 5 ta savol.
  2. Oynada: savol raqami («3 / 5»), savol matni, 4 ta Radiobutton, «Javob berish» tugmasi, ball yozuvi.
  3. Variant tanlanmasa — ogohlantirish. Javobdan keyin qisqa xabar (to‘g‘ri ✅ / noto‘g‘ri ❌ va to‘g‘ri javob) va keyingi savol.
  4. Oxirida messagebox: «To‘g‘ri: 4 / 5 (80%)», baho va askyesno bilan «Qaytadan boshlaysizmi?».

Avval baholash mantiqini testli topshiriqda yozing, keyin ilovani yig‘ing.

  • Kamida 5 ta savol ro‘yxat-lug‘at tuzilmasida; yangi savol qo‘shish uchun faqat ro‘yxatga yozish kifoya
  • Savol raqami («2 / 5»), matni va 4 ta variant to‘g‘ri almashadi
  • Variant tanlanmasa — ogohlantirish, ball o‘zgarmaydi
  • To‘g‘ri/noto‘g‘ri xabari va ball to‘g‘ri hisoblanadi
  • Oxirida natija, foiz va baho chiqadi; «Ha» bosilsa viktorina boshidan boshlanadi
  • Bonus: o‘z savollaringiz (o‘zbek tarixi, futbol, fizika…) va bezak (ranglar, shriftlar)

Mustahkamlash

Nazorat savollari

GUI ilova yaratish bosqichlarini ayting.

Eskiz → vidjetlar ro‘yxati → joylashuv (grid/pack) → mantiq funksiyalari va ularni konsolda sinash → callback’larni tugmalarga ulash → noto‘g‘ri kiritish bilan sinash.

Kiritilgan ma’lumotni qanday tekshirasiz (validatsiya)?

get().strip() bilan bo‘shligini, try: float(...) except ValueError bilan son ekanini, shartlar bilan chegaralarini; xato bo‘lsa xabar chiqarib, return.

Bitta callback bir nechta tugmaga qanday ulanadi?

Parametrli funksiya va lambda: command=lambda: hisobla("+"); siklda — lambda b=belgi: hisobla(b).

Radiobutton va Checkbutton bilan qanday ishlanadi?

Radiobutton’lar bitta StringVar/IntVar ga bog‘lanadi, har biri o‘z value’siga ega; Checkbutton’ning o‘z IntVar’i bo‘ladi (1/0). Qiymat var.get() bilan olinadi.

Listbox’ning asosiy metodlari qaysilar?

insert(tk.END, x), delete(i), get(i), curselection(), size().

Ilova holati (state) nima va u qayerda saqlanadi?

Dastur eslab turadigan ma’lumot (joriy savol, ball, urinishlar). Funksiyalardan tashqarida: global o‘zgaruvchilar (global bilan o‘zgartiriladi) yoki IntVar/StringVar.

Nima uchun mantiqni interfeysdan ajratish foydali?

Mantiqni testlash oson (konsolda, avtomatik testlar bilan), interfeysni almashtirish mumkin (Tkinter → PyQt5 → veb), kod tushunarli bo‘ladi.

messagebox’ning qaysi funksiyalarini bilasiz va askyesno nima qaytaradi?

showinfo, showwarning, showerror, askyesno. askyesno — True (Ha) yoki False (Yo‘q).

Mustaqil ish

Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Tkinter kutubxonasi yordamida grafik interfeysli dasturlar ishlab chiqish». Individual ilovani kompyuteringizda (IDLE / VS Code) yarating va ekran rasmlari bilan topshiring. Talablar: kamida 4 xil vidjet, kamida 2 ta callback, validatsiya, mantiq alohida funksiyada.

Baholash mezonlari (individual topshiriq)
MezonBall
Ilova to‘liq ishlaydi, natijalar to‘g‘ri2
Interfeys tartibli: grid/pack, Frame, tushunarli yozuvlar, kamida 4 xil vidjet1
Validatsiya: bo‘sh/noto‘g‘ri kiritishda dastur yiqilmaydi, xabar chiqadi1
Mantiq funksiyalarga ajratilgan, kod izohlangan, ma’noli nomlar1

Xulosa

RejaEskiz → vidjetlar → joylashuv → mantiq → callback → sinov.
Kirish → natijaget() bilan o‘qish, config() bilan ko‘rsatish, messagebox bilan xabar.
Validatsiyastrip(), try/except, chegaralar va xato topilsa — return.
TanlovlarRadiobutton — bitta (StringVar), Checkbutton — bir nechta (IntVar).
Listboxinsert, delete, get, curselection, size — ro‘yxat ilovalari uchun.
HolatUrinishlar, ball, joriy savol — funksiyadan tashqarida, global yoki IntVar.
lambdaArgumentli callback; siklda lambda x=x:.
Mantiq ≠ interfeysHisob-kitobni alohida funksiyada yozing va testlang.

Darsdagi natijangiz

Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, kodlarni ishga tushiring va topshiriqlarni bajaring.

Shaxsiy eslatmalarim