Kontent yaratish: sahifalar, maqolalar, media fayllarni yuklash va boshqarish
Sayt tayyor, sozlamalar joyida — endi uni kontent bilan to‘ldiramiz. Bugun blokli muharrir (Gutenberg) yordamida yangilik yozasiz, sarlavha, rasm, ro‘yxat va tugmalarni bloklardan yig‘asiz, kategoriya, teg, muqova rasmi va parchani belgilaysiz, sahifalar ierarxiyasini (ota va bola sahifalar) quraysiz, media kutubxonaga fayl yuklab, rasmlarga alt matn yozasiz. Hammasi avval WordPress muharriri simulyatorida, so‘ng o‘z mahalliy saytingizda.
Dars maqsadi va rejasi
Dars yakunida siz…
- post (yozuv) va sahifaning farqini bilib, vazifaga mosini tanlay olasiz
- blokli muharrirda paragraf, sarlavha, rasm, ro‘yxat, iqtibos, tugma bloklaridan kontent yig‘a olasiz
- postga kategoriya, teg, muqova rasmi, parcha va slug berib, uni nashr qila yoki rejalashtira olasiz
- ota va bola sahifalardan iborat sahifalar ierarxiyasini qura olasiz
- media kutubxonaga fayl yuklab, alt matn, sarlavha va izoh bilan boshqara olasiz; yuklash cheklovlarini tushuntira olasiz
- blok kontentining bazada qanday saqlanishini (blok izohlari bilan HTML) o‘qiy va yoza olasiz
Reja (fan dasturi bo‘yicha)
- Kontent yaratish: sahifalar, maqolalar, media fayllarni yuklash va boshqarish
Muharrirda har bir element — alohida blok. Blokni qo‘shish uchun «+» tugmasini bosing. «Kod muharriri» tugmasi ekrandagi bloklar bazaga qanday yozilishini ko‘rsatadi — u yerga albatta bir qarab qo‘ying.
Ikki kafedra bir xil xabarni joyladi: «Talabalar xakatonda g‘olib bo‘ldi». Birinchisida — sarlavha, ikki qisqa abzas, g‘oliblar surati (rasm tagida izoh), muqova rasmi, «Yangiliklar» rubrikasi va /xakatonda-golib/ manzili. Ikkinchisida — bitta uzun abzas, rasm yo‘q, manzil /?p=57, kategoriya «Kategoriyasiz». Farq dizaynda emas — kontentni to‘g‘ri yaratishda. Bugun shu hunarni o‘rganamiz.
Tayanch iboralar
Laboratoriya ishi haqida
:ik-maqsad: Ishning maqsadi
WordPress’da post va sahifalar yaratish, blokli muharrir bilan kontentni tuzish, kategoriya, teg, muqova rasmi va parchani boshqarish, sahifalar ierarxiyasini qurish hamda media fayllarni yuklash, tavsiflash va boshqarish ko‘nikmalarini hosil qilish.
:ik-asbob: Jihozlar va dasturlar
- Mahalliy WordPress (1–2-laboratoriya ishlarida sozlangan)
- 3–5 ta rasm (JPG/PNG/WebP), bitta PDF fayl — kafedra hayotidan
- Ushbu sahifadagi muharrir simulyatori, HTML, Python va SQL vidjetlari
Bajarish tartibi
- Nazariy eslatmani o‘qing: post va sahifa farqi, bloklar, taksonomiya.
- Simulyatorda 6 ta asosiy missiyani bajaring; «Kod muharriri»da bloklar qanday saqlanishini ko‘ring.
- Namunaviy topshiriq bo‘yicha xuddi shu kontentni o‘z saytingizda yarating.
- Sinov ishlari, HTML, Python va SQL topshiriqlarini bajaring.
- Boss level: «Andijonda IT-festival» kontent to‘plami.
- Hisobotni Discord’dagi dars postiga yuboring.
Hisobot shakli
- Titul: fan, laboratoriya ishi raqami va mavzusi, F.I.Sh., guruh
- O‘z saytingizdagi yangilik posti: muharrir ko‘rinishi (bloklar va o‘ng panel) va saytdagi ko‘rinishi
- Sahifalar ro‘yxati: ota va bola sahifalar (ierarxiya ko‘rinib turgan)
- Media kutubxona: alt matni to‘ldirilgan rasmlar; bitta rasmning «Fayl tafsilotlari» oynasi
- Simulyator (6/6 va boss), HTML, Python va SQL topshiriqlari natijalari
- Xulosa: post va sahifa farqi, alt matn nima uchun kerak (3–5 gap)
Nazariy eslatma
| Xususiyat | Post (yozuv) | Sahifa (page) |
|---|---|---|
| Vazifasi | Yangilik, e’lon, maqola — vaqt bilan eskiradigan | Doimiy ma’lumot: «Biz haqimizda», «Aloqa», «Qabul» |
| Tartib | Sana bo‘yicha (yangisi tepada) | Ierarxiya (ota — bola) va tartib raqami |
| Kategoriya va teglar | Bor | Yo‘q (standart holatda) |
| RSS lenta, arxivlar | Tushadi | Tushmaydi |
| Shablon tanlash | Mavzuga bog‘liq | Bor (masalan, «To‘liq kenglik») |
| Bazada | post_type = 'post' | post_type = 'page', post_parent |
Blokli muharrir (Gutenberg) WordPress 5.0 (2018) dan beri standart. U kontentni oddiy HTML ko‘rinishida saqlaydi, lekin har bir blok boshi va oxirini maxsus HTML izohlari bilan belgilaydi — shu tufayli muharrir keyin bloklarni qayta «taniy» oladi:
post_content — bazada saqlanadigan ko‘rinish<!-- wp:heading --> <h2 class="wp-block-heading">G‘oliblar kimlar?</h2> <!-- /wp:heading --> <!-- wp:paragraph --> <p>Jamoa «Aqlli bekat» loyihasini taqdim etdi.</p> <!-- /wp:paragraph --> <!-- wp:image {"id":12} --> <figure class="wp-block-image"><img src="…/2026/03/xakaton.jpg" alt="G‘olib jamoa sahnada" class="wp-image-12"/></figure> <!-- /wp:image -->
Kontent yaratish: sahifalar, maqolalar, media fayllarni yuklash va boshqarish
Simulyator — WordPress’ning Postlar, Sahifalar va Media bo‘limlari hamda blokli muharririning soddalashtirilgan nusxasi. Bloklar qo‘shiladi, ko‘chiriladi, o‘chiriladi; «Ko‘rib chiqish» saytdagi ko‘rinishni, «Kod muharriri» esa bazaga yoziladigan kodni ko‘rsatadi.
Simulyator: Postlar, Sahifalar, Media va blokli muharrir
Tartib: Media → 3 ta rasm yuklang (SVG va MP4 ni ham sinab ko‘ring — nima bo‘ladi?), har biriga alt matn → Postlar → Yangi qo‘shish → sarlavha «ADU talabalari xakatonda g‘olib» → «+ Blok qo‘shish»: Sarlavha, Paragraf, Rasm → o‘ng panel: «Yangiliklar», teglar, muqova, parcha → Holat «Nashr qilingan» → Saqlash. Sahifalar: avval «Kafedra haqida», so‘ng «O‘qituvchilar» (ota sahifa — Kafedra haqida). Rejalashtirish uchun holat «Rejalashtirilgan» va kelajak sana.
Namunaviy topshiriq. O‘z saytingizda kafedra yangiligi va sahifalar
- Media yuklash
Media → Yangi media fayl qo‘shish → 3 ta rasmni sudrab tashlang. Har birini bosib, «Fayl tafsilotlari» oynasida Alt matn, sarlavha va izohni to‘ldiring. Fayl URL’iga qarang:
…/wp-content/uploads/2026/11/…. - Kategoriyalar
Postlar → Kategoriyalar: «Yangiliklar», «E’lonlar», «Tadbirlar» yarating (slug:
yangiliklar…). «Kategoriyasiz» ni «Yangiliklar» ga qayta nomlash ham mumkin. - Yangi post
Postlar → Yangi qo‘shish. Sarlavha yozing. Bo‘sh joyda
/belgisini yozsangiz, bloklar ro‘yxati chiqadi (masalan,/heading,/image). Kamida: 1 ta sarlavha (H2), 2 ta paragraf, 1 ta rasm (kutubxonadan), 1 ta ro‘yxat. - Post sozlamalari (o‘ng panel)
«Post» yorlig‘ida: kategoriya, teglar (vergul bilan), muqova rasmi, parcha, URL (slug) — lotin harflari va chiziqchalar. Muharrirning yuqori o‘ng burchagidagi «Parametrlar» (uch nuqta) menyusidan Kod muharririni oching va blok izohlarini toping.
- Nashr va rejalashtirish
«Nashr qilish» → nashrdan oldingi tekshiruv oynasi → yana «Nashr qilish». Ikkinchi postni yozib, «Nashr qilish» yonidagi sanani kelajakka o‘zgartiring — tugma «Rejalashtirish» ga aylanadi.
- Sahifalar ierarxiyasi
Sahifalar → Yangi qo‘shish: «Kafedra haqida» (nashr). So‘ng «O‘qituvchilar» — o‘ng panel → «Sahifa atributlari» / «Ota sahifa» → «Kafedra haqida». Manzil:
/kafedra-haqida/oqituvchilar/. Sahifalar ro‘yxatida bola sahifa «— » belgisi bilan ko‘rinadi. - Savat va revisiyalar
«Salom dunyo!» postini savatga tashlang. Postni bir necha marta tahrirlab saqlang — o‘ng panelda «Revisiyalar» bandi paydo bo‘ladi: u yerda eski versiyalarni solishtirib, tiklash mumkin.
Sinov ishlari: avval bashorat, keyin simulyatorda tekshiruv
Mustaqil topshiriqlar
1–6-topshiriqlar — simulyatorning asosiy missiyalari. Quyidagi topshiriqlar avtomatik tekshiriladi.
Ko‘p uchraydigan xatolar
| Xato | Oqibati | To‘g‘risi |
|---|---|---|
| «Kafedra haqida» ni post qilib yozish | Yangiliklar orasida «yo‘qolib» ketadi, sanasi eskiradi | Doimiy ma’lumot — sahifa |
| Sarlavha o‘rniga paragrafni qalin (bold) qilish | Matn tuzilmasi buziladi: ekran o‘quvchi va Google sarlavhani ko‘rmaydi | Sarlavha bloki (H2, H3) |
| Post ichida H1 ishlatish | Sahifada ikkita H1 (post sarlavhasi allaqachon H1) | Ichki bo‘limlar — H2 dan boshlanadi |
| Rasmlarga alt matn yozmaslik | Qulaylik (accessibility) va SEO yomonlashadi | Har bir mazmunli rasmga qisqa, aniq alt matn |
| Telefondagi 8 MB li rasmni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklash | Sahifa sekin ochiladi, hosting joyi tez to‘ladi | Oldindan siqish (masalan, 1600 px, WebP/JPG) |
| Kirillcha yoki «g‘olib!» kabi slug | Uzun kodlangan URL, ulashishda xunuk | Slug’ni lotincha va qisqa qilib qo‘lda yozing |
| Media’dan rasmni o‘chirib yuborish | U ishlatilgan postlarda «singan» rasm | O‘chirishdan oldin qayerda ishlatilganini tekshiring |
Boss level
Boss level: «Andijonda IT-festival» kontent to‘plami
Kafedra kelasi oy IT-festival o‘tkazadi. Matbuot xizmati sifatida simulyatorda «Boss: IT-festival» to‘plamini tanlang va quyidagilarni bajaring: sarlavhasida «festival» bo‘lgan post — H2 sarlavha, kamida 3 bandli ro‘yxat (dastur), iqtibos (rektor so‘zi) va «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasi bilan; yangi «Festival» kategoriyasi; muqova rasmi va parcha; post kelajak sanaga rejalashtirilgan. Shuningdek, «Kafedra haqida» ning bola sahifasi «Aloqa» («To‘liq kenglik» shabloni bilan) va media kutubxonada sarlavhasi «Dars jadvali» bo‘lgan PDF. +70 XP
O‘z saytingizda: xuddi shu to‘plamni yarating, postni «Ko‘rib chiqish» (Preview) rejimida telefon o‘lchamida tekshiring (muharrirdagi «Ko‘rinish» → «Mobil») va ekran rasmini hisobotga qo‘shing.
Mustahkamlash
Nazorat savollari
Post va sahifaning farqlarini ayting.
Post — vaqtga bog‘liq, sana bo‘yicha tartiblanadi, kategoriya va teglari bor, RSS ga tushadi. Sahifa — doimiy, ierarxik, shablon tanlanadi, kategoriyasi yo‘q.
Blokli muharrirda qanday bloklar bilan ishladingiz va ularni qanday qo‘shasiz?
Paragraf, sarlavha, rasm, ro‘yxat, iqtibos, tugma, ajratkich va boshqalar; «+» tugmasi yoki bo‘sh qatorda «/» yozib qo‘shiladi.
Kategoriya va tegning farqi nimada?
Kategoriya — ierarxik, asosiy rubrika (odatda kam sonli); teg — ierarxiyasiz, erkin kalit so‘zlar.
Muqova rasmi va parcha qayerda ko‘rinadi?
Postlar ro‘yxatida, arxiv va bosh sahifada, ijtimoiy tarmoqlarda ulashganda (SEO plagini orqali), qidiruv natijalarida.
Sahifalar ierarxiyasi qanday quriladi va URL’ga qanday ta’sir qiladi?
Bola sahifada «Ota sahifa» tanlanadi; URL /ota-slug/bola-slug/ ko‘rinishida bo‘ladi.
Media fayl yuklanganda WordPress nimalar qiladi?
Faylni uploads/YYYY/MM ga saqlaydi, wp_posts ga attachment yozuvi qo‘shadi, rasm uchun bir nechta o‘lchamli nusxalar (thumbnail, medium, large) va kerak bo‘lsa «-scaled» nusxa yaratadi, metama’lumotlarni postmeta ga yozadi.
Nima uchun ba’zi fayllarni yuklab bo‘lmaydi?
Xavfsizlik uchun ruxsat etilgan turlar (MIME) ro‘yxati cheklangan (SVG, EXE yo‘q) va hajm php.ini dagi upload_max_filesize, post_max_size bilan cheklangan.
Alt matn nima va uni qanday yozish kerak?
Rasmning matnli tavsifi; qisqa, aniq, rasm mazmunini aytadigan («G‘olib jamoa sahnada diplom bilan»), «rasm», «foto» so‘zlarisiz; bezak rasmlar uchun bo‘sh.
Mustaqil ish
Fan dasturidagi mustaqil ta’lim mavzusi: «Kontent modellashtirish va taksonomiya tamoyillarini o‘rganish» (6 soat). Bugun siz WordPress’ning tayyor kontent turlari (post, sahifa, media) va taksonomiyalari (kategoriya, teg) bilan ishladingiz. Endi o‘z loyihangiz uchun kontent modelini loyihalang.
- Variantingizdagi sayt uchun kontent turlarini aniqlang: qaysilari post, qaysilari sahifa, qaysilari uchun kelajakda maxsus kontent turi kerak (4-laboratoriya ishi).
- Har bir kontent turi uchun maydonlar ro‘yxatini tuzing (sarlavha, matn, rasm, sana, narx…).
- Taksonomiyalarni loyihalang: kategoriyalar daraxti (kamida 2 daraja) va teglar namunasi.
- Sahifalar ierarxiyasi (sayt xaritasi) sxemasini chizing va o‘z mahalliy saytingizda kamida 6 ta sahifa va 4 ta post bilan amalga oshiring.
| Mezon | Ball |
|---|---|
| Kontent turlari va maydonlari to‘g‘ri ajratilgan (post / sahifa / maxsus tur) | 2 |
| Taksonomiyalar loyihasi (ierarxik va ierarxiyasiz) | 1 |
| Sayt xaritasi sxemasi va mahalliy saytda amalga oshirilgan (ekran rasmlari) | 1 |
| Media: alt matnlar, optimallashtirilgan rasmlar; xulosa | 1 |
Xulosa
Darsdagi natijangiz
Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo‘limlarni o‘qing, mashqlar va topshiriqlarni bajaring.