Kompyuter animatsiyasi / Laboratoriya ishi / 3-laboratoriya ishi
Laboratoriya ishi · Adobe After Effects

Oddiy geometrik obyektlar asosida harakat animatsiyasini yaratish

Aylana, kvadrat va uchburchak — animatsiyaning «alifbosi». Bu ishda shakl qatlamlarini chizasiz, ularni Position, Rotation, Scale va Opacity orqali harakatlantirasiz va toʻgʻri chiziqli yoʻlni silliq yoyga aylantirasiz.

📘 3-laboratoriya ishi ⏱ 2 akademik soat (80 daqiqa) 🛠 Adobe After Effects 🎓 60610300 – Kompyuter injiniringi
03

Dars maqsadi va rejasi

Dars yakunida siz…

  • Shape Layer vositalari (Rectangle, Ellipse, Polygon, Star, Pen) bilan geometrik shakllar yarata olasiz
  • Anchor Point’ning harakatdagi rolini tushunib, uni shakl markaziga koʻchira olasiz
  • Position, Scale, Rotation va Opacity xossalariga keyframe qoʻyib sodda harakat yarata olasiz
  • Composition panelida harakat traektoriyasini (motion path) Bezier dastaklari bilan yoyga aylantira olasiz
  • Auto-Orient yordamida obyektni yoʻl boʻylab yoʻnaltira olasiz va natijani render qila olasiz

Reja

  1. Shakl qatlamlari bilan geometrik obyektlar yaratish
  2. Transform xossalari yordamida asosiy harakatlarni animatsiya qilish
  3. Harakat traektoriyasini (motion path) tahrirlash
Kerakli jihozlar va dasturlar

– Kompyuter (Windows 10, kamida 8 GB operativ xotira, diskret videokarta tavsiya etiladi)
– Adobe After Effects CC 2018 (15.1) dasturi
– Ish papkasi: «Lab03_Familiya»

Tayanch iboralar

Bu ishda tez-tez uchraydigan atamalar. Kartani bosing — orqasida taʼrif va qaysi tugma bilan ochilishi yozilgan.

Shakl qatlamlari bilan geometrik obyektlar yaratish

Shape Layer – After Effects’ning ichki vektor grafika vositasi. Shakllar Tools panelidagi Rectangle Tool (Q tugmasi bilan almashtiriladi: Rectangle, Rounded Rectangle, Ellipse, Polygon, Star) yoki Pen Tool (G) bilan chiziladi.

⇧

Shift — teng tomonli

Shift bosib turilsa, kvadrat va aylana teng tomonli boʻladi. Bu klaviaturani sichqoncha qoʻyib yuborilgunga qadar bosib turish kerak.

∅

Hech narsa tanlanmagan

Hech qanday qatlam tanlanmagan holda chizilsa, yangi shakl qatlami yaratiladi. Shakl qatlami tanlangan boʻlsa — chizilgan shakl oʻsha qatlam ichiga qoʻshiladi.

✎

Pen Tool (G)

Erkin kontur — Bezier egri chiziqlari. Bosish — burchakli nuqta, bosib sudrash — silliq nuqta (dastaklar bilan).

3.1-jadval. Shakl qatlamini yaratish vositalari
VositaYorliqNatijaQoʻshimcha parametr (Contents ichida)
Rectangle ToolQToʻrtburchak (Shift – kvadrat)Size, Position, Roundness
Ellipse ToolQ (takroriy)Ellips (Shift – aylana)Size, Position
Polygon ToolQ (takroriy)Koʻpburchak (Points – tomonlar soni)Points, Outer Radius, Outer Roundness
Star ToolQ (takroriy)YulduzPoints, Inner/Outer Radius, Inner/Outer Roundness
Pen ToolGErkin kontur (Bezier)Path (nuqtalar va dastaklar)

Shakl qatlamining ichki tuzilishi

Shakl qatlamini Timeline’da ochsangiz (▸ uchburchakni bosing), ikki guruhni koʻrasiz: Contents (shaklning oʻzi) va Transform (butun qatlamning harakati). Contents ichida har bir shakl alohida guruh: masalan Ellipse 1 → Ellipse Path 1 (geometriya), Stroke 1, Fill 1 va guruhning oʻz Transform: Ellipse 1 xossalari. Ushbu ishda biz faqat qatlamning Transform guruhini animatsiya qilamiz.

★ Aylana (Shape Layer) ▾ Contents ▾ Ellipse 1 → Ellipse Path 1 (Size 200,200)Fill 1 — qizilStroke 1 — oʻchiq ▾ Transform Anchor Point · Position · ScaleRotation · Opacity← ushbu ishda shular animatsiya qilinadi Anchor — markazda
3.1-sxema. Shakl qatlamining tuzilishi: Contents (geometriya, Fill, Stroke) va Transform
Taʼrif

Shape Layer vs Solid. Solid — Project panelida saqlanadigan, aniq piksel oʻlchamli bir rangli toʻrtburchak (footage). Shape Layer esa Project’da element yaratmaydi; u parametrik vektor shakllardan iborat, ichida bir nechta shakl, gradient, Stroke va maxsus amallar (Trim Paths, Repeater, Round Corners va h.k.) boʻlishi mumkin va kattalashtirilganda tiniqligini saqlaydi.

Transform xossalari va koordinatalar

After Effects kompozitsiyasida koordinata boshi (0, 0) — chap yuqori burchak; X oʻngga, Y esa pastga qarab oʻsadi. Shuning uchun 1920×1080 kompozitsiyaning markazi — (960, 540), «yuqoriga koʻtarish» esa Y ni kamaytirish demakdir. Har bir qatlamning beshta asosiy Transform xossasi bor:

3.2-jadval. Transform xossalari (qoʻshimcha maʼlumot)
XossaTugmaBirlik / koʻrinishNimani boshqaradi
Anchor PointApx (qatlam koordinatasida)Aylanish va masshtab markazi
PositionPpx (kompozitsiya koordinatasida)Anchor Point qayerda turishi
ScaleS% (100 — asl)Oʻlcham (manfiy qiymat — koʻzgu aksi)
RotationR1x+90.0° = 450°Burilish (musbat — soat strelkasi boʻyicha)
OpacityT%Shaffoflik
Amaliy maslahat

Bir nechta xossani birga ochish uchun birinchisini bosib, keyingisini Shift bilan qoʻshing: S, soʻng Shift+T — Scale va Opacity birga koʻrinadi. Xossa qiymatini sudrab oʻzgartirishda Ctrl — sekin (aniq), Shift — 10 baravar tez oʻzgartiradi.

InteraktivTransform oʻyingohi: Anchor Point nimani hal qiladi?

Kompozitsiya 1920×1080. Shaklni sudrab Position’ni, slayderlar bilan Scale/Rotation/Opacity’ni oʻzgartiring. Keyin Anchor Point’ni burchakka qoʻyib «Aylantirish»ni bosing — shakl endi markaz atrofida emas, burchak atrofida aylanadi. «Pan Behind (Y)» rejimida tayanch nuqtani sudrasangiz, shakl joyidan siljimaydi — dastur Position’ni oʻzi qayta hisoblaydi.

(0,0) (1920,1080)
Muhim

After Effects CC 2018 da yangi shakl qatlami chizilganda uning Anchor Point’i odatda shaklning markazida emas (koʻpincha kompozitsiya markaziga mos keladigan qatlam boshlangʻich nuqtasida) boʻladi. Shuning uchun aylantirishdan oldin har doim Ctrl+Alt+Home (Layer → Transform → Center Anchor Point in Layer Content) bosing. Yangi versiyalarda Edit → Preferences → General boʻlimida «Center Anchor Point in New Shape Layers» parametri bor — u yoqilsa, tayanch nuqta avtomatik markazlanadi.

File Edit Composition Layer Effect Animation View Window Help ⌂➤✋🔍⟳⊕ ✒T✐⎘◈ Fill:Stroke:— px Project ≡ ▣ Shakllar 1920x1080 · 25📁 Solids Composition: Shakllar ≡ Info · Preview · Effects & Presets▶ ▮▶ ▶▶ (Preview)Align · Character Shakllar ≡ 0:00:01:00 # Layer NameParent ▾ 1 ★ AylanaNone ▾ ▸ Contents▾ Transform ⏱ Anchor Point 100,100⏱ Position 960,200⏱ Scale 100,100%⏱ Rotation 0x+0.0°⏱ Opacity 100% ▸ 2 ★ Kvadrat ▸ 3 ★ Uchburchak 0s1s2s3s4s5s6s

Laboratoriya topshirigʻi 3.1 — Geometrik obyektlar toʻplamini yaratish

Quyidagi bosqichlarni ketma-ket bajaring. Har bir qadam tugagach «Bajardim» tugmasini bosing — natija shu brauzerda saqlanadi.

  1. Ish papkasi va loyiha

    Diskda «Lab03_Familiya» papkasini yarating, ichida 03_Render papkasini oching. After Effects’ni ishga tushirib loyihani darhol saqlang: File → Save As → Save As… (Ctrl+Shift+S), nomi Lab03_Familiya.aep.

    Nima uchun? Loyiha erta saqlansa, Auto-Save va render fayllari toʻgʻri papkaga tushadi.

  2. Kompozitsiya «Shakllar»

    Composition → New Composition (Ctrl+N). Composition Name: Shakllar; Preset: HDTV 1080 25 yoki qoʻlda Width 1920, Height 1080, Pixel Aspect Ratio Square Pixels, Frame Rate 25, Duration 0:00:06:00, Background Color — toʻq kulrang. OK.

    Natija: Project panelida «Shakllar» kompozitsiyasi, Timeline’da 0–6 s shkala.

  3. Aylana (Ellipse Tool)

    Timeline’ning boʻsh joyini bosib tanlovni bekor qiling (yoki F2). Q ni Ellipse Tool chiqquncha bosing. Tools panelida Fill – qizil (masalan #E5484D), Stroke – None (yoʻq). Composition panelida Shift bosib turib taxminan 200 px aylana chizing.

    Aniq oʻlcham: qatlamni oching → Contents → Ellipse 1 → Ellipse Path 1 → Size = 200, 200.

  4. Kvadrat va uchburchak

    Yana tanlovni bekor qilib, Rectangle Tool bilan Shift bosib koʻk kvadrat chizing. Keyin Polygon Tool bilan sariq koʻpburchak chizing va Contents → Polystar 1 → Polystar Path 1 → Points = 3 qiling — uchburchak hosil boʻladi.

    Qatlamlarni nomlang: qatlamni tanlab Enter → «Aylana», «Kvadrat», «Uchburchak» → yana Enter.

  5. Anchor Point’ni markazlash

    Har bir qatlamni tanlab Ctrl+Alt+Home bosing – tayanch nuqta shakl markaziga oʻtadi. Uchala qatlamni birga tanlab bir marta bosish ham mumkin.

    Tekshirish: A tugmasi bilan Anchor Point’ni oching; Composition panelida shakl oʻrtasida ⊕ belgisi turishi kerak. Shakllar oʻz joyida qoladi — dastur Position’ni avtomatik tuzatadi.

Aylana · 200 pxKvadratUchburchak · Points 3
3.2-sxema. Topshiriq 3.1 natijasi: uchta nomlangan shakl qatlami, tayanch nuqtalari (⊕) markazda

Transform xossalari yordamida asosiy harakatlarni animatsiya qilish

Animatsiya qilish uchun xossa nomi oldidagi sekundomer belgisi bosiladi, soʻng vaqt indikatori boshqa kadrga suriladi va qiymat oʻzgartiriladi. Keyframe’lar Timeline’da romb koʻrinishida chiqadi. Qatlamning barcha keyframe’li xossalarini koʻrsatish uchun U tugmasi bosiladi.

  1. Sekundomer — joriy vaqtda birinchi keyframe yoziladi (joriy qiymat bilan).
  2. CTI ni suring — boshqa vaqtga oʻting (masalan, Ctrl+G / Alt+Shift+J — aniq vaqtga oʻtish).
  3. Qiymatni oʻzgartiring — sekundomer yoqilgan boʻlsa, ikkinchi keyframe avtomatik paydo boʻladi.
  4. Oraliq kadrlar — After Effects ularni oʻzi hisoblaydi (interpolatsiya). Animatorlar tilida keyframe’lar — «kalit pozalar», oraliqdagilar — «inbetween»lar.
Bilasizmi?

Keyframe atamasi qoʻlda chiziladigan animatsiyadan kelgan: 1930-yillarda Disney studiyasida bosh animator faqat muhim (kalit) pozalarni chizgan, oraliq kadrlarni esa yordamchilar — inbetweenerlar chizgan. After Effects’da «yordamchi» vazifasini interpolatsiya algoritmi bajaradi: chiziqli interpolatsiyada qiymat v(t) = v₀ + (v₁ − v₀)·(t − t₀)/(t₁ − t₀) formula boʻyicha hisoblanadi.

1) Aylana: Position (yoy boʻylab) 2) Kvadrat: Rotation 0°→360° 3) Uchburchak: Scale + Opacity (overshoot) 0%60%120%100% Aylana PKvadrat RUchburchak S T
3.1-rasm. Uchta geometrik shaklning harakati: aylananing sakrashi, kvadratning aylanishi, uchburchakning kattalashuvi.
SimulyatorTimeline: keyframe qoʻyish, surish va oraliq kadrlar

Bu — Topshiriq 3.2 ning brauzerdagi nusxasi (25 fps, 6 s). CTI ni (koʻk chiziq) sudrang yoki ▶ bosing. Rombni chap-oʻngga sudrab keyframe vaqtini oʻzgartiring — kadrga «yopishadi». Rombni bosib tanlasangiz, uning qiymatini koʻrasiz. «Interpolatsiya» tugmasi Linear va Easy Ease (F9) farqini koʻrsatadi.

0:00:00:00
Rombni bosing — qiymati shu yerda chiqadi.
Eslatma

Keyframe belgisi shakli interpolatsiya turini bildiradi: romb — Linear, soat qumi / yumaloq — Bezier yoki Easy Ease (F9), kvadrat (toʻrtburchak) — Hold (Ctrl+Alt+H). Kitobdagi topshiriqda hammasi Linear — shuning uchun harakat «mexanik» chiqadi; easing keyingi ishlarda oʻrganiladi.

Laboratoriya topshirigʻi 3.2 — Transform xossalarini animatsiya qilish

  1. Aylana harakati (Position)

    «Aylana» qatlamini tanlab P tugmasini bosing. CTI 0:00:00:00 da (Home) Position = (200, 540) qilib kiriting va sekundomerni yoqing — birinchi romb paydo boʻladi.

    CTI ni 2-soniyaga qoʻying: Timeline’dagi vaqt raqamini bosib 200 yozing (= 0:00:02:00) yoki Alt+Shift+J. Position = (1720, 540). Ikkinchi keyframe avtomatik qoʻyiladi.

    Natija: aylana 2 soniyada chapdan oʻngga 1520 px yuradi, yaʼni 760 px/s doimiy tezlikda.

  2. Kvadrat aylanishi (Rotation)

    «Kvadrat» qatlamida R bosing. 0-soniyada Rotation = 0x+0°, sekundomer. 3-soniyada birinchi maydonga (x oldidagi son) 1 yozing: 1x+0° — bir toʻliq aylanish.

    Diqqat: agar Anchor Point markazda boʻlmasa, kvadrat «aylanib uchib ketadi» — 3.1 ning 5-qadamini tekshiring.

  3. Uchburchak paydo boʻlishi (Scale + Opacity)

    «Uchburchak»da S va Shift+T bosing (ikki xossani birga ochish). 0-soniyada Scale = 0%, Opacity = 0% — ikkala sekundomerni yoqing.

    1-soniyada: Scale = 120%, Opacity = 100%. 1:12 da (1 s 12 kadr) Scale = 100%. Bu «oshib ketish va qaytish» (overshoot) — shakl «sakrab» joyiga tushadi.

  4. Koʻrib chiqish

    Space (probel) bilan preview qiling. Qatlamlarni tanlab U bossangiz — barcha keyframe’li xossalar ochiladi. Harakatlar mexanik koʻrinishini qayd eting — tezlik birdan boshlanib birdan toʻxtaydi. Bu keyingi ishlarda easing bilan tuzatiladi.

    Preview sekin boʻlsa: Composition panelidagi Resolution’ni Half yoki Quarter qiling.

Harakat traektoriyasini (motion path) tahrirlash

Position animatsiya qilinganda Composition panelida harakat traektoriyasi (motion path) nuqtali chiziq sifatida koʻrinadi. Har bir nuqta – bitta kadrdagi holat, kvadratchalar esa keyframe’lar. Keyframe’dan chiqadigan dastaklarni (Bezier handles) sudrab, toʻgʻri chiziqni yoyga aylantirish mumkin. Bu animatsiyaning «Arcs» (yoylar) tamoyilini amalga oshiradi.

Eslatma

Traektoriya nuqtalari zich joylarda obyekt sekin, siyrak joylarda tez harakatlanadi. Bu spacingʻni vizual baholashning eng oddiy usuli.

Fazoviy (spatial) interpolatsiya

Obyekt qaysi yoʻldan yuradi: toʻgʻri chiziq (Linear) yoki egri (Bezier / Auto Bezier). Composition panelidagi motion path shakli shu bilan belgilanadi. Sozlash: keyframe ustida oʻng tugma → Keyframe Interpolation… → Spatial Interpolation.

Vaqt boʻyicha (temporal) interpolatsiya

Obyekt yoʻlni qanday tezlikda bosib oʻtadi: tekis (Linear), sekinlashib-tezlashib (Bezier/Easy Ease) yoki sakrab (Hold). Timeline’dagi belgi shakli va Graph Editor’dagi egri chiziq shu bilan bogʻliq.

Qoʻshimcha maʼlumot: Bezier egri chizigʻi

Ikki keyframe orasidagi yoy — kubik Bezier egri chizigʻi: B(t) = (1−t)³·P₀ + 3(1−t)²t·P₁ + 3(1−t)t²·P₂ + t³·P₃, bu yerda P₀ va P₃ — keyframe’lar, P₁ va P₂ — dastaklar uchlari. Dastak qanchalik uzun boʻlsa, egri shu tomonga shunchalik koʻp «tortiladi». Bu formulani 1960-yillarda Renault muhandisi Pyer Bezye avtomobil kuzovlarini loyihalash uchun ommalashtirgan; bugun u Illustrator, Figma, CSS cubic-bezier() va barcha animatsiya dasturlarida ishlatiladi.

InteraktivMotion path muharriri: dastaklar, Arcs va Auto-Orient

Uchta keyframe (kvadratcha) va oʻrta keyframe’ning ikki dastagi (doiracha) bor — ularni sudrang. Nuqtalar — har bir kadrdagi holat (25 fps, 2 s = 50 kadr). «Alt + bosish» tugmasi dastaklarni burchakli/silliq holatga almashtiradi. Auto-Orient yoqilsa, strelka yoʻl yoʻnalishiga buriladi.

3.3-jadval. Auto-Orient oynasi variantlari (Layer → Transform → Auto-Orient)
VariantNatijaQachon kerak
OffQatlam oʻz Rotation qiymatini saqlaydiStandart holat
Orient Along PathQatlam yoʻl urinmasi boʻyicha avtomatik buriladiSamolyot, baliq, strelka, avtomobil yoʻl boʻylab
Orient Towards Camera3D qatlam doim kameraga qaraydi3D sahnada tekis «billboard» elementlar
Amaliy maslahat

Orient Along Path yoqilganda obyektning «tumshugʻi» oʻngga (+X) qarab chizilgan boʻlishi kerak. Agar strelka yuqoriga qarab chizilgan boʻlsa, yoʻl boʻylab 90° yonlama yuradi — buni Rotation’ga −90° qoʻshib tuzatasiz (Auto-Orient Rotation’ni oʻchirmaydi, unga qoʻshiladi).

Laboratoriya topshirigʻi 3.3 — Harakat traektoriyasini yoyga aylantirish

  1. Oraliq keyframe

    «Aylana» qatlamida P bilan Position’ni oching, CTI ni 1-soniyaga (0:00:01:00) qoʻying. Aylanani yuqoriga suring: Y = 200 (X ni oʻzgartirmang — 960 atrofida boʻladi). Uchinchi keyframe paydo boʻladi.

    Composition panelida endi toʻgʻri chiziq oʻrniga «Λ» shaklidagi (yoki yumshoq egri) yoʻl koʻrinadi.

  2. Dastaklarni sozlash

    Composition panelida oʻrta keyframe’ni (kvadratcha) bosing — undan ikki dastak chiqadi. Selection Tool (V) bilan dastak uchini gorizontal yoʻnalishda tashqariga sudrab, traektoriyani silliq yoy koʻrinishiga keltiring.

    Alt bosib dastakni (yoki keyframe’ni) Pen Tool rejimida bosish – uni silliq/burchakli holatga almashtiradi (Convert Vertex). Burchakli holatda dastaklar mustaqil — sakrab qaytuvchi koptokning yerga urilish nuqtasi uchun qulay.

  3. Avtomatik yoʻnalish

    Aylanani kichik strelka shakliga almashtiring: yangi shakl qatlamida Pen Tool bilan oʻngga qaragan strelka chizing, Aylananing Position keyframe’larini nusxalab (Ctrl+C → strelka qatlami, CTI 0 da → Ctrl+V) unga qoʻying.

    Layer → Transform → Auto-Orient (Ctrl+Alt+O) → Orient Along Path → OK. Preview qilib, strelka yoʻnalish boʻyicha burilishini kuzating.

  4. Render

    Ctrl+M (Composition → Add to Render Queue). Render Queue panelida Output Module → Format: QuickTime (H.264 yoki Animation kodek) yoki AVI. Output To → Lab03_Familiya/03_Render/Shakllar.mov. Render tugmasini bosing.

    AE 2024+ da MP4 (H.264) bevosita Render Queue’dan chiqariladi; CC 2018 da esa MP4 uchun Composition → Add to Adobe Media Encoder Queue (Ctrl+Alt+M) ishlatiladi.

Kutilgan natija (jonli namuna)

Oʻz renderingizni shu namuna bilan solishtiring: aylana yoy boʻylab sakraydi (0–2 s), kvadrat 3 soniyada bir marta aylanadi, uchburchak 0 dan 120% gacha kattalashib 100% ga qaytadi.

0:00:00:00
3.3-sxema. Topshiriq natijasining jonli namunasi (Topshiriq 3.3 dan keyin).

Sinov ishlari

Quyidagi 10 ta sinovni «Shakllar» kompozitsiyasida (yoki uning nusxasida — Ctrl+D) bajaring. Har birida avval natijani bashorat qiling, keyin dasturda tekshiring va izoh bilan solishtiring.

Koʻp uchraydigan xatolar

Toʻgʻri

  • Chizishdan oldin F2 bilan tanlovni bekor qilish — har shakl alohida qatlamda.
  • Animatsiyadan oldin Ctrl+Alt+Home — tayanch nuqta markazda.
  • Avval CTI ni kerakli vaqtga qoʻyish, keyin qiymatni oʻzgartirish.
  • Qatlamlarni darhol nomlash (Enter).
  • Aniq qiymatlarni yozib kiritish (sudrash emas).

Notoʻgʻri

  • Shakllar bitta qatlamda — alohida harakatlantirib boʻlmaydi.
  • Kvadrat aylanganda «orbitaga uchib ketadi» — Anchor markazda emas.
  • Ikkinchi qiymat birinchi keyframe ustiga yozilib ketadi — CTI surilmagan.
  • «Shape Layer 1, 2, 3…» — keyin qaysi qaysiligi chalkashadi.
  • Sekundomerni qayta bosib barcha keyframe’larni oʻchirib yuborish.
Keng tarqalgan xato

Xato: Anchor Point’ni Selection Tool bilan surishga urinish — butun shakl siljiydi. Sabab: Selection Tool Position’ni oʻzgartiradi. Tuzatish: Pan Behind Tool (Y) yoki Ctrl+Alt+Home.

Keng tarqalgan xato

Xato: Render qilingan video juda katta hajmli (gigabaytlar). Sabab: AVI/QuickTime’da siqilmagan (None/Animation) kodek. Tuzatish: topshirish uchun Adobe Media Encoder orqali H.264 (MP4), arxiv uchun esa yuqori sifatli kodekni saqlang.

Individual topshiriq

Jurnaldagi tartib raqamingiz boʻyicha variantni tanlang. Har bir variantda: kamida 3 ta shakl qatlami, 4 ta Transform xossasi (Position, Rotation, Scale, Opacity) animatsiyasi, yoyga aylantirilgan motion path va zarur boʻlsa Auto-Orient boʻlsin. Kompozitsiya 1920×1080, 25 fps, 6 s.

Baholash mezonlari

Ishingizni topshirishdan oldin har bir bandni tekshirib belgilang (jami 10 ball).

  • «Shakllar» kompozitsiyasi: 1920×1080, 25 fps, 0:00:06:00
  • Uchta shakl alohida qatlamlarda, toʻgʻri ranglar va nomlar bilan (Aylana, Kvadrat, Uchburchak)
  • Barcha qatlamlarda Anchor Point shakl markazida
  • Aylana Position: 0 s (200, 540) → 2 s (1720, 540)
  • Kvadrat Rotation: 0 s 0x+0° → 3 s 1x+0°, joyida aylanadi
  • Uchburchak Scale/Opacity: 0/0 → 120/100 (1 s) → 100% (1:12)
  • 1-soniyada oraliq keyframe (Y = 200) va dastaklar bilan silliq yoy
  • Strelka Auto-Orient → Orient Along Path bilan yoʻnalish boʻyicha buriladi
  • Render 03_Render papkasida, QuickTime yoki AVI formatida
  • Loyiha fayli toʻgʻri nomlangan va papka tartibli

Faylni saqlash va topshirish

AEP

Loyiha

Lab03_Familiya/Lab03_Familiya.aep. Topshirishdan oldin File → Dependencies → Collect Files… bilan barcha fayllarni bitta papkaga yigʻish mumkin.

MOV

Render

03_Render/Shakllar.mov (QuickTime) yoki .avi. Individual topshiriq: 03_Render/Lab03_Familiya_V№.mov.

ZIP

Topshirish

Butun «Lab03_Familiya» papkasini ZIP arxivga oling va oʻqituvchi koʻrsatgan platformaga (LMS, Telegram guruh) yuklang.

Eslatma

AE CC 2018 loyihasini yangi versiyada ochish mumkin, lekin yangi versiyada saqlangan loyiha eski versiyada ochilmaydi. Kompyuter sinfidagi versiya bilan uydagi versiya farq qilsa, buni hisobga oling (File → Save As → Save a Copy As 17.x kabi variantlar faqat oldingi bir versiya uchun bor).

Nazorat savollari

1. Shape Layer bilan chizilgan shakl va Solid qatlami oʻrtasida qanday farq bor?

Solid — Project panelida «Solids» papkasida saqlanadigan, aniq piksel oʻlchamli bir rangli toʻrtburchak (footage elementi); uning shaklini faqat niqob (Mask) bilan oʻzgartirish mumkin. Shape Layer esa After Effects’ning ichki vektor vositasi: Rectangle, Ellipse, Polygon, Star yoki Pen Tool bilan chiziladi, Project’da element yaratmaydi, ichida bir nechta shakl, Fill va Stroke boʻladi, parametrlari (Size, Points, Roundness) animatsiya qilinadi va kattalashtirilganda sifat yoʻqolmaydi.

2. Anchor Point’ni shakl markaziga qanday tez koʻchirish mumkin?

Qatlamni (yoki bir nechta qatlamni) tanlab Ctrl+Alt+Home bosiladi (Layer → Transform → Center Anchor Point in Layer Content). Tayanch nuqta shakl markaziga oʻtadi, Position esa avtomatik tuzatiladi — shakl joyida qoladi. Qoʻlda koʻchirish uchun Pan Behind Tool (Y) ishlatiladi.

3. Keyframe yaratishning ketma-ketligini tushuntiring.

1) Qatlamni tanlab kerakli xossani ochish (P, S, R, T, A); 2) CTI ni boshlangʻich vaqtga qoʻyish va qiymatni kiritish; 3) xossa nomi oldidagi sekundomerni bosish — birinchi keyframe; 4) CTI ni boshqa kadrga surish; 5) qiymatni oʻzgartirish — ikkinchi keyframe avtomatik paydo boʻladi. Keyframe’lar Timeline’da romb koʻrinishida chiqadi, U — ularning barchasini koʻrsatadi. Oraliq kadrlarni dastur interpolatsiya qilib hisoblaydi.

4. Motion path nima va undagi nuqtalar zichligi nimani bildiradi?

Motion path — Position animatsiya qilinganda Composition panelida koʻrinadigan nuqtali harakat traektoriyasi. Har bir nuqta — bitta kadrdagi holat, kvadratchalar — keyframe’lar; keyframe dastaklari (Bezier handles) bilan yoʻl egri qilinadi («Arcs» tamoyili). Nuqtalar zich joyda obyekt sekin, siyrak joyda tez harakatlanadi — bu spacingʻni vizual baholashning eng oddiy usuli.

5. Auto-Orient funksiyasi qanday vazifani bajaradi?

Layer → Transform → Auto-Orient (Ctrl+Alt+O) → Orient Along Path tanlansa, qatlam har kadrda harakat yoʻnalishiga (traektoriya urinmasiga) qarab avtomatik buriladi — strelka, samolyot, baliq, avtomobil yoʻl boʻylab tabiiy harakatlanadi va Rotation’ni qoʻlda animatsiya qilish shart boʻlmaydi. 3D qatlamlar uchun «Orient Towards Camera» varianti ham bor.

Oʻzini tekshirish

Mustaqil taʼlim

Fan dasturidagi mustaqil taʼlim mavzusi: «Kadrlar ketma-ketligi, keyframe va timeline asosida sodda animatsion harakatni ishlab chiqish» (6 soat, kichik guruhda).

  1. Geometrik «mini-film» (10–15 s). Faqat shakl qatlamlari bilan qisqa hikoya: masalan, «Aylana kvadratni quvadi». Har bir qahramon kamida 2 ta Transform xossasi bilan animatsiya qilinsin, kamida bitta yoyli motion path va bitta Auto-Orient boʻlsin.
  2. Spacing tahlili. Bitta harakatni Linear va Easy Ease bilan render qiling; Composition panelidagi motion path skrinshotlarini yonma-yon qoʻyib, nuqtalar zichligi bilan tezlik bogʻliqligini 5–6 jumlada izohlang.
  3. Zamonaviy vositalar bilan solishtirish. Xuddi shu «sakrovchi aylana»ni boshqa vosita bilan ham yarating — masalan Blender (Grease Pencil), Rive yoki Figma Smart Animate — va keyframe tushunchasi qanday nomlanishini jadvalda solishtiring.
Shape Layer — vektorTanlovsiz chizish = yangi qatlam; tanlangan qatlam ichiga chizish = shu qatlamga qoʻshiladi.
Anchor Point — markazRotation va Scale tayanch nuqta atrofida bajariladi: Ctrl+Alt+Home.
Sekundomer → CTI → qiymatKeyframe yaratishning uch qadamli formulasi.
Motion path = spacing xaritasiZich nuqtalar — sekin, siyrak — tez; dastaklar — yoy (Arcs).
Auto-OrientObyekt yoʻl yoʻnalishiga oʻzi buriladi — «oʻngga qarab» chizing.

Darsdagi natijangiz

Natijalar shu brauzerda saqlanadi. Barcha bo'limlarni o'qib, mashqlarni bajarib chiqing.

Shaxsiy eslatmalarim